Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiy laboratoriyalar standart talablariga javob beradimi? (+video)
12:21 / 2024-10-07

Sir emas, ko‘pincha mijozlar bir analiz turli laboratoriyalarda amalga oshirilganda, natijasi har xil bo‘lishini kuzatadi. Bu holat ularni laborator sinovlarning sifati haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishga majbur qiladi. Chunki, bemorni davolash aynan shu tahlillar asosida olib boriladi.

Dunyo miqyosidagi tadqiqotlarga ko‘ra, onkologik kasalliklar diagnozini qo‘yishda shifokorlar 12 foiz holatda yanglishar ekan. Buning eng asosiy sababi – tahlillarning noto‘g‘ri o‘tkazilganida. Bu holat bir necha sabablar bilan bog‘liq. Masalan, uskuna xarid qilingan reagentlarning sifati, analizatorlar, ma’lum bir qon tahlilining qanday sharoitda olingani, laborator tekshiruvning qanday olib borilgani, xodimning malakasi va shu kabi jihatlar muhim ahamiyatga ega.  

Bularning bari aynan tibbiy laboratoriyalar faoliyati uchun belgilangan ISO 15189:2014 “Tibbiy laboratoriyalar. Sifat va malaka talablari” standartida belgilab qo‘yilgan. Mijoz standart talablarini bilmasligi mumkin, ammo laboratoriya xodimi tahlillarni to‘g‘ri o‘tkazish uchun bu tartib-qoidalarga amal qilishi lozim.  

“O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” davlat muassasasi tomonidan tashkil etilgan “Tibbiy laboratoriyalarda standart talablariga muvofiq qon tahlillarini o‘tkazish” mavzusidagi press-turda namuna sifatida Toshkent shahridagi tibbiy laboratoriyalardan birida bir necha analizlarni olish va tahlillarni o‘tkazish amaliyoti ko‘rsatildi.  

Akkreditatsiya markazi baholovchilari tibbiy laboratoriyalarda o‘tkaziladigan qon tahlillarini xalqaro standartlar talablariga ko‘ra qanday olish, tahlillar o‘tkaziladigan xona sharoitlari, uskunalarning kalibrovkasi, laboratoriya xodimlari uchun kerakli malaka talablari haqida ma’lumot berildi.  

Soha mutaxassislarining  ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston miqyosida ikki dona tibbiy laboratoriya ISO 15189:2014 standartiga muvofiqlik bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tgan. Bu laboratoriyalar bakteriologik va virusologik tadqiqotlarni olib boradi. Ushbu standart butun dunyoda tan olingan bo‘lib, u tibbiy laboratoriyalarni akkreditatsiyadan o‘tkazishda qo‘llaniladi. Agar laboratoriya ushbu standartni o‘z faoliyatiga to‘liq ravishda joriy qilsa, bu laboratoriyani akkreditatsiyadan o‘tkazish mumkin.  

Darhaqiqat, tibbiy laboratoriyalar ISO 15189:2014 standartlariga javob berishi kerak. Ammo yuqorida aytib o‘tilganidek, O‘zbekiston miqyosida ikki dona tibbiy laboratoriya qon analiz laboratoriyalar standartiga muvofiqlik bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tgan.  

Shu yerda haqli savol tug‘iladi. Biz falon pul to‘lab, xizmatidan foydalanadigan laboratoriyalar faoliyati standart talablariga mosmi? Tekshiruv jarayonlari, xodimlarning malakasi tegishli standartlarga javob beradimi? Buni kim, qachon o‘rganadi? Yoki noto‘g‘ri tahlil uchun pul to‘lab yuraveramizmi?  

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/tQ9AnhDnYvY?si=ld4mS8iEw_tIC6VB" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Shahnoza Mamaturopova,  

Doniyor Yakubov (video)  

O‘zA