Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiy ko‘riklar ko‘zbo‘yamachilik uchunmi yoxud Doktor Ischanovning ayblovi qanchalik to‘g‘ri?
14:57 / 2022-04-27

Ijtimoiy tarmoqlarda Doktor Ischanov nomi bilan tanilgan, ayni paytda xorijda yashab, tahsilini davom ettirayotgan yurtdoshimiz navbatdagi chiqishida Toshkent viloyatidagi sayyor qabullarda hayvonlarni tekshiradigan apparatdan odamlarni ko‘rikdan o‘tkazishda foydalanilganini ko‘tarib chiqdi.

Gap shundaki, Sog‘liqni saqlash vazirligining ijtimoiy tarmoqlariga, xususan telegram kanaliga kecha, 26 aprel kuni soat 18:19da “Nurafshon TV” tomonidan efirga uzatilgan videolavha joylashtirildi. Unga ko‘ra, Toshkent viloyatidagi tuman va shahar tibbiyot birlashmasi rahbarlari tomonidan hududlarda sayyor qabullar o‘tkazilib, aholi oldida hisobot topshirilgan. Videolavhada aniqlangan muammolarni tuman va shahar darajasida manzilli hal qilish choralari ko‘rilayotgani haqida hikoya qilingan. 

Doktor Ischanovning aytishicha, mazkur tibbiy ko‘rik jarayonida bundan 15 yillar avval Xitoyda ishlab chiqarilgan, uy hayvonlarini tekshirish uchun mo‘ljallangan UZI apparatidan foydalanilgan. 

Shifokor buni ko‘rib, hayratdaligini aytadi. 2022 yilda zamonaviy tibbiyotimiz 15 yil avvalgi it va boshqa hayvonlarni tekshiradigan apparatni ishlatib, odamlarni chuqurlashtirilgan tekshiruvlardan o‘tkazyapmiz, deb aldashini qanday tushunish mumkin, deya ta’kidlaydi.  

Uning fikricha, so‘nggi rusumdagi jihozlar uchun davlatimiz tomonidan pul ham ajratilgan, olib ham berilgan. Ammo ular tekshiruvlar kelganda mana deb, ko‘rsatish uchun qaysidir omborxonalarda yotibdi. 

Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bildirgan rasmiy munosabatga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bu kabi xabarlar asossizdir. Ya’ni Olmaliq shahridagi sayyor tibbiy ko‘rikda veterinar tekshiruvlarga mo‘ljallangan UTT apparatidan foydalanilmagan. 

Rasmiy munosabatda qayd etilishicha, birinchidan, Olmaliq shahridagi tibbiy ko‘rik jarayonida foydalanilgan UTT apparati, yuqoridagi xabarlarda aytilganidek, Xitoyda ishlab chiqarilgan, veterinar tekshiruvlarga mo‘ljallangan “Esaote Aquila VET” qurilmasi emas. Avvalo, “Esaote” — Italiya kompaniyasi ekanligiga aniqlik kiritishimiz shart. Bu kompaniya tomonidan 2000 yillar boshida “Esaote Aquila VET” modeli ostida ham qurilma ishlab chiqarila boshlagan.  

Biroq videolavhada  ko‘rsatilgan apparat esa “Esaote  Akuila PRO” deb nomlanadi. U umumiy klinik ultratovush, ya’ni insonlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, diagnostika qilish uchun mo‘ljallangan. №531808045 seriyali mazkur uskuna Olmaliq shahar tug‘ruq kompleksiga 2008 yilda “Salomatlik-2” dasturi doirasida keltirilgan. U hozirgi kunga qadar soz holatda.  

Umuman, ultratovush apparatlari statsionar, portativ mobil qurilmalarga ajratiladi. Birlamchi ko‘rikda mobil portativ uskunalardan foydalanilishi tabiiy hol. Chunki ana shu ko‘riklar natijalariga ko‘ra, bemorlar chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvga yo‘naltiriladi.  

“Esaote  Akuila PRO” apparati ham ixcham va foydalanish uchun qulay bo‘lgan portativ mobil qurilma hisoblanadi. Shu tufayli undan sayyor tibbiy ko‘riklar va uyda yotib qolgan bemorlar tekshiruvida foydalaniladi.  Ikkinchidan, ultratovush diagnostika apparati tibbiyotning turli yo‘nalishlarida ishlatilishi va tana a’zolarining exografik tasvirini hosil qilib berishga xizmat qilishini eslatib o‘tmoqchimiz.  Bu o‘rinda tasvirning yorqinligi va kontrast ko‘rsatkichlari asosiy sifat mezoni hisoblanadi.  

Ya’ni to‘qimalarni bir-biridan ajratish va tarkibiy tuzilmalarini ko‘rsata olish hisobiga UTT shifokori ichki a’zolar holatiga baho bera oladi. “Esaote Akuila PRO”  apparati orqali olinayotgan tasvirlar ana shu talablarga javob beradi.

Mohigul Qosimova, O‘zA