Respublika shoshilinch tibbiy yordam Buxoro filiali bosh mutaxassislari va Moskva shahridan kelgan yetakchi mutaxassislar tomonidan Vobkent tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar hamda o‘tkir qon tomir kasalliklari markazida salomatlik xayriya aksiyasi doirasida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazildi.
Unda travmatolog, xirurg, qon-tomir jarrohi, neyroxirurg, bolalar jarrohi, nevropatolog, terapevt, kardiolog, intervension kardiolog, aritmolog, otorinolaringolog, oftalmolog, pediatr kabi o‘z sohasining yetuk mutaxassislari tomonidan bemorlarga amaliy yordam ko‘rsatildi.
Vobkent tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon tomir kasalliklari markazi Vobkent, Shofirkon, G‘ijduvon aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan bo‘lib, u qabul-diagnostika bo‘limi, operatsion blok va operatsion-reanimatsion blokdan tashkil topgan. Markaz qo‘shma shikastlanishlar hamda o‘tkir qon-tomir kasalliklari bilan tibbiy yordamga muhtoj bemorlarga shoshilinch va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatadi.
– Guruhning ish tartibi avvalo mazkur markaz faoliyatini o‘rganishdan boshlandi, – deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali direktori Tohir Musoyev. – Prezidentimizning 2021 yil 26 iyuldagi “Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlar, tibbiy texnika va tibbiy buyumlar bilan jihozlash standartlari, davolanayotgan bemorlar va ularning kasallik tarixlari, aholiga sifatli ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatni tashkil etish hamda markazni tor soha mutaxassislari bilan ta’minlash chora-tadbirlari bilan tanishildi.
Shuningdek, “shoshilinch tibbiyotning dolzarb muammolari va amaliyotga tatbiq etilgan zamonaviy davolash usullari”ga bag‘ishlangan seminar-trening o‘tkazildi. Unda tibbiyot birlashmasining 100 dan ortiq shifokor vrachlari qatnashdi. Seminar-trening muzokaralar, qiziqarli savol-javoblar bilan ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
– Viloyat 2-sektor rahbarlari tomonidan yuborilgan tumandagi “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” hisobida turadigan fuqarolar hamda kam ta’minlangan oila a’zolari va ijtimoiy muhofazaga mansub bemorlarning 100 nafaridan ortiqrog‘i tibbiy ko‘riklardan o‘tkazildi, – deydi Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazi Buxoro filiali 1-shoshilinch kardiologiya va terapiya bo‘limi mudiri, oliy toifali shifokor Elbert Hamroyev. – 8 nafar saralab olingan bemorlarga yuqori texnologik operativ amaliyotlar ya’ni laparoskopik xoletsistektomiya, angiografiya, artroskopiya, meniskektomiya va laparoskopik kistomektomiya kabi amaliyotlar bajarildi. Umumiy hisobda 910 nafar bemorlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. 143 xil kasalliklar aniqlandi. Shulardan 36 nafari Vobkent tumani tibbiyot birlashmasida gospitalizatsiya qilindi. 32 nafariga viloyat davolash muassasalariga yo‘llanma berildi.
Zarif Komilov,
O‘zA