French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiy ko‘rik va profilaktika tadbiri
14:30 / 2026-02-12

Sirdaryo viloyati, Guliston tumanidagi A. Navoiy va “Boyovut” oilaviy shifokorlik punktlarida tumanning A.Navoiy, Terakzor, Sohil va Boyovut mahallalarda istiqomat qilayotgan 8-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan qizlar uchun keng qamrovli tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Tadbir “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining Sirdaryo viloyati filiali hamda tuman mahallalar uyushmasi tashabbusi bilan o‘tkazildi.

Mazkur chora-tadbir 11-fevral — “Ilm va fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni” munosabati bilan hamda fondning yillik chora-tadbirlar rejasi asosida amalga oshirildi.

Tibbiy ko‘rik jarayonida nafaqat fondning patronaj brigadasi a’zolari, balki tuman tibbiyot birlashmasining yuqori malakali mutaxassislari ham ishtirok etishdi. Ular orasida terapevtlar, akusher-ginekologlar, LOR va oftalmologlar, shuningdek, UTT va EKG bo‘yicha mutaxassislar bor edi. Qizlar salomatligi keng ko‘lamda tekshirildi: ular UTT va EKGdan o‘tkazildi, oftalmolog nazoratida kuzatildi hamda akusher-ginekolog va tor sohaviy mutaxassislar tomonidan kompleks tekshiruvdan o‘tkazildi.

Shuningdek, tadbirda 100 nafarga yaqin aholi vakillari ham ishtirok etdi. Salomatligida muammosi bo‘lgan yoshlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va ularning sog‘lig‘ini mustahkamlash hamda profilaktika masalalari bo‘yicha amaliy tavsiyalar taqdim etildi. Shuningdek, ishtirokchilarga sog‘lom turmush tarzi va profilaktika bo‘yicha maslahatlar ham berildi.

Ishtirokchilarga “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan bepul dori-darmon va vitaminlar taqdim etildi. Shu bilan birga, sog‘lom ovqatlanish, sog‘lom turmush tarzi va tibbiy profilaktikaga oid axborot-targ‘ibot materiallari tarqatildi.

–   Bu tadbir nafaqat yosh qizlar salomatligini nazorat qilish va ularga tibbiy yordam ko‘rsatishga qaratilgan muhim qadam, balki ularning sog‘lom rivojlanishi va barqaror hayot tarzini shakllantirishda ham ahamiyatli, –   dedi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Sirdaryo filiali rahbari, pediatr Yulduz Usmonova.

Mazkur tashabbus nafaqat Guliston tumanida, balki viloyatning boshqa hududlari, jumladan olis va chekka mahalla tibbiyot punktlarida ham keng joriy qilinadi. Bu esa yosh avlod orasida profilaktik tibbiy yordamni keng qamrovda joriy etish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri