Buxoro shahridagi 9-oilaviy poliklinikada Buxoro davlat tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilari va “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Buxoro hududiy filiali mutaxassislari hamkorligida “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi uchun tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
– Poliklinikada jami 165 nafar tibbiyot xodimi mehnat qiladi, –deydi poliklinika bosh shifokori Xushnud Jalilov. – Xodimlarimiz shahardagi “Gulshan”, “Varaxsha”, “O.Xo‘jayev”, “To‘qimachi”, “Foshun”, “Do‘stlik”, “Istiqlol”, “Losha” va “Xo‘jamushkin” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida yashovchi 42 ming 662 nafar aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya xizmatini ko‘rsatib kelmoqda.
Tadbir davomida mahalla fuqarolar yig‘inining 116 nafar aholisi laborator-instrumental tekshiruvdan o‘tkazildi. Barcha tor doiradagi mutaxassislar ko‘riklari tashkil etildi. Tibbiy ko‘rik natijasida fuqarolarning 39 nafarida kasallik aniqlandi. 35 nafariga ambulator sharoitda davolanish tavsiya etildi. 4 nafariga Buxoro shahar markaziy kasalxonasida statsionar sharoitda bepul davolanishlari uchun imtiyozli yo‘llanmalar taqdim etildi. Hududda aniqlangan III-IV xavf guruhiga mansub fuqarolarni sog‘lomlashtirish hamda hamkorlikdagi mahallabay ishlar poliklinikada tizimli ravishda olib borilmoqda.
Shuningdek, tibbiy ko‘rik jarayonida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Buxoro hududiy filiali mutaxassislari tomonidan 45 nafar keksalar yoshga oid ko‘z oynaklar bilan ta’minlandi. 17 nafar bemor 8 turdagi dori-vositalari bilan bepul ta’minlandi. Uy sharoitida davolanishlar bo‘yicha sog‘lomlashtirish rejasi tuzilib, davolash-sog‘lomlashtirish tadbirlari boshlab yuborildi.
Hududdagi yotoq holatdagi va nogironligi bo‘lgan shaxslarning uyiga borildi. Ular chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib zarur tavsiyalar berildi. Bundan tashqari, tibbiyot xodimlari tomonidan aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, xususan jismoniy faollikni oshirish, muntazam ravishda har kuni ertalab va kechki ovqatdan so‘ng piyoda yurish, zararli odatlardan voz kechish yuzasidan davra suhbatlari o‘tkazildi. Sog‘lom ovqatlanish tamoyillari bo‘yicha ko‘rgazma tashkil qilindi. Fuqarolarga mumkin va mumkin bo‘lmagan mahsulotlar bo‘yicha batafsil tushuncha berildi.
Zarif Komilov, O‘zA