The Washington Post: AQSH Eron tomonga harbiy samolyotlarini jo‘natdi
Yaqinda Eron Saudiya Arabistoniga hujum tayyorlamoqda, degan xabar tarqalgandan keyin AQSH Eron tomonga harbiy samolyotlarini jo‘natdi, deb yozdi The Washington Post gazetasi. Nashr AQSH samolyotlarini aynan qachon jo‘natgani haqida ma’lum qilmagan.
“Yaqinda razvedkaning Eron Saudiya Arabistonidagi nishonlarga ballistik raketalar va o‘zi uchar qurilmalar orqali hujum qilishga tayyorlanyapti, deb bergan ma’lumotidan keyin AQSH markaziy qo‘mondonligi Fors kurfazida turgan harbiy samolyotlarini Eron tomonga uchirgan. Parvozlar AQSH va Saudiya Arabistoni kuchlarining jangovar tayyorgarligini oshirish doirasida amalga oshirildi”, deyiladi xabarda.
Gazetaning yozishicha, samolyotlarning jo‘natilishidan ko‘zlangan maqsad AQSH va Saudiya Arabistoni hamkorligi mustahkam va muhim ekanini namoyish qilishdan iborat.
O‘tgan hafta The Wall Street Journal Saudiya Arabistoni AQSHga razvedka ma’lumotlarini yetkazgani, unda Eron Saudiya Arabistoni hududiga hujum uyushtirayotgani haqida yozgan edi.