Ma’lumki, o‘zining boy tarixiy merosiga ega bo‘lgan O‘zbekiston o‘tgan yil Samarqandda bo‘lib o‘tgan BMT jahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining 25-yubiley sessiyasi doirasida “The Samarkand express” sayyohlik poyezdi ishga tushirilishi tufayli turizm salohiyatini rivojlantirishga muhim qadam tashladi.
Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va Italiyaning “Arsenale Group” kompaniyasi o‘rtasida ushbu turistik poyezd loyihasi bo‘yicha hujjat imzolandi.
“The Samarkand express”ning ishga tushirilishi O‘zbekistonda turizm uchun yangi imkoniyatlar ochadi, unutilmas hissiyot va taassurotlar izlayotgan xorijiy sayohatchilarni jalb qiladi.
Poyezd nafaqat transport vositasi, balki yo‘lovchilarga qadimiy va zamonaviy O‘zbekiston tarixi, an’analari va turmush tarzi bilan tanishish imkoniyatini beruvchi madaniy almashinuv platformasi bo‘ladi.
Loyiha turizmda, kichik va yirik biznes sohalarida yangi ish o‘rinlari yaratish orqali mamlakatimizning iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shadi.
Ushbu loyiha turizmni rivojlantirishda xalqaro hamkorlikning muhim o‘ringa ega ekanini ifoda etadi. Shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro obro‘sini oshirishga, butun dunyodan VIP sayyohlar e’tiborini jalb qilish va uning Markaziy Osiyodagi eng qiziqarli turizm yo‘nalishlaridan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.
“The Samarkand express” – yo‘lovchilarga mislsiz qulayliklar va betakror sayohat taassurotlarini taqdim etadigan hashamatli poyezddir. Yo‘lovchilar keng va nafis kupelar, sarxil taomlar, yuqori darajali xizmat ko‘rsatish va go‘zal O‘zbekiston landshaftlarining hayratlanarli manzaralarini taqdim etuvchi panoramali oynalardan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, mazkur poyezdlar qurilishi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli korxonalarda amalga oshiriladi. Hashamatli poyezd 13-15 ta vagondan iborat bo‘lib, 76 nafar mehmonga mo‘ljallangan 38 ta kupe (lyuks, delyuks va superdelyuks) bo‘ladi.
Toshkent – Xiva yo‘nalishi bo‘yicha sayohatning taxminiy davomiyligi Samarqand va Buxoroda to‘xtash bilan 2 kecha-yu 3 kunni tashkil etadi.
Yiliga taxminan 70 dan 90 gacha reyslarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Poyezd yuqori ekologik barqarorlik standartlariga javob beradi. Temir yo‘l kruizlari sayohatning ekologik toza va barqaror usuli hisoblanadi va “The Samarkand express” ham bundan mustasno emas.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA