“The Korea Post” gazetasida “O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi hamkorlik diplomatik aloqalar o‘rnatilganidan buyon jadal rivojlanmoqda” nomli maqola chop etildi.
Maqolada ikki mamlakatning o‘zaro aloqalari, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy va transport-logistika sohalaridagi sheriklik mavzusi keng yoritilgan. Shu bilan birga O‘zbekiston va Koreya hukumatlari bugungi kunda axborot texnologiyalari, raqamli tibbiyot, ta’lim va madaniyat yo‘nalishlarida ham samarali hamkorlikni qo‘llab-quvvatlayotgani qayd etilgan.
– Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 22-25 noyabr kunlari Seul shahriga davlat tashrifi O‘zbekiston va Koreya munosabatlarida yangi sahifa ochdi, – deyiladi, jumladan, maqolada. – O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim tizimiga Koreya tajribasi keng joriy etilmoqda. Toshkentda oliy o‘quv yurtlari filiallari ochilgan.
Manba xabar berishicha, davlatlarimiz o‘rtasida 2016 yil 1 milliard dollar bo‘lgan savdo aylanmasi 2019 yilga kelib 2,7 milliard dollarga yetgan. Koreya kapitali ishtirokida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 2017 yil yakunida 510 tani tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil 1 noyabr holatiga ko‘ra, bu raqam 928 taga o‘sgani ham qayd etilgan.
– Demak, O‘zbekiston va Koreyaning savdo-iqtisodiy hamkorligi jadal taraqqiy etyapti, deyish mumkin, – qo‘shimcha qiladi muallif va fikrini statistik ma’lumotlar bilan dalillaydi.
– 2021 yil yanvar-oktyabr oylarida Koreya kapitali ishtirokida respublikada 80 ta korxona tashkil etildi. Umuman olganda, 2018-2021 yillarda O‘zbekistondagi Koreya biznes ob’ektlari soni 1,8 barobar ko‘paydi. Mamlakatning O‘zbekistonga kiritgan sarmoyasi umumiy hisobda 7 milliard dollardan oshgan.
Shuningdek, “The Korea Post” gazetasida nashr qilingan maqolada ikki mamlakatning iqtisodiyot sohasida amalga oshirayotgan islohotlari, xususan, grant loyihalari, tovar ayirboshlash, logistika yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlik mavzusiga ham e’tibor qaratilgan.
Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi.
O‘zA