Hindistonning mashhur «The Hindustan Times» gazetasi Ramazon hayiti munosabati bilan islom olamidagi eng go‘zal va mahobatli obidalarga bag‘ishlangan maqolani e’lon qildi. Unda Samarqand shahridagi Tillakori madrasasi va masjidi haqida so‘z boradi.
“Mashhur Registon maydonining eng yirik va go‘zal me’moriy obidasi bo‘lgan Tillakori madrasasining qurilishi 1660-yilda yakunlangan. Uning nomi ushbu majmua ichidagi masjid gumbazining zarhal bezaklari sababli “tilla bilan qoplangan”, degan ma’noni bildiradi.
Baland daraxtlar bilan o‘ralgan hovlidan och-ko‘k va tilla rangda bezatilgan masjidga o‘tiladi, marmar mehrobning naqshlari esa Movarounnahr mashhur me’morchilik an’analarining ajoyib namunasidir”, – deyiladi maqolada.
«The Hindustan Times» gazetasi shuningdek, al-Haram (Makka, Saudiya Arabistoni), Moviy masjid (Istambul, Turkiya), Jome’ masjidi (Dehli, Hindiston), shayx Zayd masjidi (Ab-u-Dabi, BAA), Meskita (Kordoba jome’ masjidi, Ispaniya) kabi eng mashhur islomiy obidalar haqida ham ma’lumotlar taqdim etgan.
Aziza Alimova tayyorladi, O‘zA