Bangkok shahrida boks bo‘yicha “Thailand Open” musobaqasining yarim final janglari vakillarimiz uchun muvaffaqiyatli o‘tmoqda.
Bugun mazkur musobaqaning dastlabki janglarida vazni -48 kg. bo‘lgan Farzona Fozilova ukrainalik Olga Shalimovani 5:0 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, -54 kilogrammgacha vaznda Feruza Kazakova va Apisada Tantava (THB) bilan raqobatlashib, tajribali raqibasini ikkinchi raundda yengdi. Shuningdek, -55 kg. vazn toifasida Faryozbek Do‘smatov qirg‘izistonlik Islam Torobayevni mag‘lubiyatga uchratdi.
Afsuki, -65 kg. vaznda bo‘lib o‘tgan bahsda Navbahor Hamidova xitoylik Liu Yangga, -90 kg. vazndagi Elyorbek Jo‘raboyev esa hindistonlik Naman Tanvarga imkoniyatni boy berib qo‘ydi va musobaqani bronza medali bilan yakunlaydigan bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, bugun yana quyidagi 3 nafar bokschimiz yarim final janglarini o‘tkazadi:
-51 kg: Sabina Boboqulova – Marinchuk Yaroslava (Ukraina)
+90 kg: Abdurahmon Rustamov – Gill Anshul (Hindiston)
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA