Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tezlikni 10 kilometr soatga tushirish o‘lim holatlarini kamida 15 foizga kamaytiradi
15:56 / 2023-02-07

2023 yilgi davlat dasturiga oid Prezident farmoni loyihasida ma’lum qilinishicha, 2023 yil 1 iyundan boshlab respublikaning barcha aholi punktlarida transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga 70 kilometrdan 60 kilometrgacha tushiriladi.

Ma’lumki, yo‘l-transport hodisalari yiliga 4 mingga yaqin o‘lim holatlari bilan yakunlanadi. Tahlillarga ko‘ra, tezlikni 10 kilometr soatga  tushirish o‘lim holatlarini kamida 15 foizga kamaytirishga olib keladi. Masalan, Toshkent shahrida 2022 yilda 1200 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan, bu 2021 yildagi holatlardan (1073) qariyb 130 taga ko‘p.  Ushbu davrda yo‘l-transport hodisalari oqibatida halok bo‘lganlar  soni 136 nafarini tashkil etadi. 

Loyihada qayd etilishicha, 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab transport vositasining mulkdoriga transport vositasini boshqarish huquqi o‘tkazilgan shaxs bilan birgalikda tegishli huquqni belgilovchi hujjatni taqdim etgan holda davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati organlarini transport vositasini boshqarish huquqi o‘tkazganligi haqida xabardor qilish huquqi beriladi.  

Bunda xabarnoma olingan kundan boshlab vakolatli organ tomonidan huquqbuzarliklarni qayd etish tizimiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish hamda ushbu transport vositasida sodir etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi uchun boshqarish huquqi o‘tkazilgan shaxsga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomani rasmiylashtirish tartibi joriy etilishi belgilanadi. 

Mazkur mexanizmlar jazo muqarrarligi tamoyilini ro‘yobga  chiqarish hamda transport vositasi boshqaruvi bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklarni maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd  etishda ball tizimi joriy etilishi munosabati bilan kiritilmoqda.  

Sh.Mamaturopova, O‘zA