Qarshi shahrida Qutqaruv xizmati xodimlari uchun katta musobaqa tadbirlari yuqori saviyada o‘tkazilmoqda. Mazkur musobaqa ushbu kasb egalarining tezkorlik, chaqqonlik va jangovorlik borasidagi ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazishi bilan ahamiyatlidir.

Kuni kecha musobaqaning harbiy xizmatchilar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan bahslarida jami 24 ta jamoa bahslashdi.

Viloyat birinchiligida umumjamoa hisobida 3-o‘rin 43 - Yong‘in – qutqaruv qismi jamoasiga, 2-o‘rin esa 39 - Yong‘in – qutqaruv qismiga nasib etgan bo‘lsa, musobaqa Kubogini 36 - Yong‘in – qutqaruv qismi terma jamoasi qo‘lga kiritdi. Yakunda barcha g‘olib va sovrindorlarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.


— Bilamizki, har qanday favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun qutqaruvchilardan tezkorlik, chaqqonlik va albatta jangovorlik talab etiladi, – deydi Qashqadaryo FVB Axborot xizmati rahbari, mayor Sohibjon Vayitov. – Soha vakillarini ushbu yo‘nalishda sinovdan o‘tkazish maqsadida bo‘lib o‘tgan mazkur ikki kunlik musobaqalarda ishtirokchilar ishg‘ol qilish narvonida to‘rtinchi qavatga ko‘tarilish, 100 metrga to‘siqlar osha yugurish va yong‘in o‘chirish estafetasi yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro bellashdilar. Albatta, bu kabi musobaqalar ishtirokchilarning kelgusidagi faoliyatlarida ijobiy natijalar ko‘rsatadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA.