Toshkent viloyati hokimligida sovuq ob-havo sabab joylardagi kommunal sohalarda kuzatilayotgan hamda aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish, amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida "Tezkor shtab" faoliyat yuritmoqda.
Ishchi guruhning o‘rganishlari natijasida bir qator kamchiliklar bartaraf etilmoqda. Yuqori Chirchiq tumani “Saksonota”, “Mirobod” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida elektr simlarining uzilishi natijasida 100 ga yaqin xonadonlarda elektr ta’minoti uzilib qolgan.
Ushbu masala tegishli mutasaddilar tomonidan nazoratga olinib, nosozliklar shu kunning o‘zidayoq bartaraf etildi. Quyi Chirchiq tumani Abay mahalla fuqarolar yig‘inidan “To‘qboy” mahallasiga yo‘naltirilgan yer usti yuqori bosimli gaz quvuri payvand chokidan yorilishi natijasida 2 mingdan ortiq xonadon tabiiy gaz ta’minotidan uzilib qolgan.

Chinoz tumani “Madaniyat” mahallasidagi gaz quvurida yuzaga kelgan nosozlik natijasida esa 1 ming 500 tadan ortiq xonadonda tabiiy gaz to‘xtagan.
Mazkur hududlarda gaz quvuridagi payvandlash ishlari tez fursatda yakuniga yetkazilgan va ta’minot qayta tiklangan.
Shuningdek, Bo‘ka tumaniga 32, Angren shahriga 250, Bo‘stonliq tumaniga 13, Bekobod tumaniga 17, Zangiota tumaniga 52, Qibray tumaniga 10,6, Ohangaron tumaniga 50 hamda O‘rta Chirchiq tumaniga 24 tonna ko‘mir mahsulotlari yetkazib berilgan.
“Tezkor shtab” 24 soat uzluksiz faoliyat yuritmoqda.
A.Musayev,
O‘zA.