Energiya resurslaridan oqilona va qonuniy foydalanishni ta’minlash mamlakat energetika xavfsizligini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olish, hisob-kitob tizimini shaffoflashtirish hamda iste’molchilar o‘rtasida qonunbuzarliklarga chek qo‘yish maqsadida mutasaddi tashkilotlar tomonidan muntazam nazorat tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Shu kabi nazorat tadbirlari doirasida “Hududgaz Poytaxt” GTF komplayens nazorat tuzilmalari, tuman gaz ta’minoti bo‘limi, “O‘zenergoinspeksiya” xodimlari hamda huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda Toshkent shahrining Yunusobod tumanida reyd o‘tkazildi.
Reyd davomida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq holat aniqlandi. Xususan, “Buyuk Turon” MFYda joylashgan umumiy ovqatlanish maskanida o‘tkazilgan xatlov jarayonida iste’molchi hisoblagichdan tashqari yashirin tarmoq tortgani va tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanib kelayotgani ma’lum bo‘ldi. Aniqlangan holat yuzasidan tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilib, qayta hisob-kitob ishlari amalga oshirildi. Natijada davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori 1 milliard 605 million so‘mni tashkil etdi.
“Hududgazta’minot” AJ axborot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur noqonuniy holatga oid barcha hujjatlar belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirildi. Ayni paytda ishchi guruhlar tomonidan tabiiy gazdan foydalanish ustidan nazorat tadbirlari izchil ravishda davom ettirilmoqda.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA