Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xavfsizlikni ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha yaxlit huquqiy tizim yaratildi.
Mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda.
Ushbu organlarning o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish bo‘yicha tezkor va samarali qarorlar qabul qilishi uchun mustahkam huquqiy asos yaratish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatning huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqildi.
Senat yalpi majlisida ma’qullangan mazkur qonun bilan “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga ma’lumotlarni to‘plash, tezkor kiritish, niqoblangan operatsiya kabi tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshirish tartibini aniqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Shuningdek, axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatchilikka qarshi kurashishning huquqiy asoslarini mustahkamlash, tezkor-qidiruv tadbirlari axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda, shu jumladan, kibermakonda va (yoki) uning imkoniyatlaridan foydalangan holda o‘tkazilishi mumkin ekanligini belgilashni nazarda tutuvchi me’yorlar qonundan o‘rin olgan.
“Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunga jinoyatlarning holatlarini aniqlash, jinoyatlarni sodir etgan shaxslarni aniqlash va qidirish, shuningdek, jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlayotgan yoki bedarak yo‘qolgan shaxslarni qidirish maqsadida ommaviy axborot vositalarining imkoniyatlaridan bepul foydalanishga doir ichki ishlar organlarining huquqlarini aniqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritilmoqda.
“Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi qonunga ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus muassasada tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish mumkin ekanini belgilovchi qo‘shimcha kiritilmoqda.
Senatorlar ta’kidlaganidek, ushbu qonun jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini yanada ishonchli ta’minlashga, shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA