Huquqiy munosabat
Ma’lumki, tez yordam yoki yong‘in xavfsizligi va boshqa maxsus xizmat xodimlari o‘z xizmat vazifalarini bajarayotganda ba’zan yo‘l harakati qoidalarida belgilangan tezlik yoki boshqa talablarni buzishiga to‘g‘ri kelishi mumkin.
Bunday holatlarda ma’muriy jarimalarni haydovchilar yoki ularning ish beruvchisi to‘lashi to‘g‘ri emas.
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida tezkor va maxsus xizmatlar ishtirokida yo‘l harakatida sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarliklar uchun belgilangan yengilliklar va istisnolar mavjudmi?
Bu borada Toshkent davlat yuridik universiteti “Biznes huquqi” kafedrasi o‘qituvchisi Umida Bekmirzayeva quyidagicha tushuntirish berdi:
–Yo‘l harakatida ayrim holatlarda haydovchilar tomonidan yo‘l harakati qoidalari buzilgan holatlar kuzatilishi mumkin. Ayniqsa, bu holatlar tezkor va maxsus xizmatlar yoki ular kuzatib kelayotgan transport vositalari uchun yo‘l berishda sodir bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 271-moddasi hamda amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq, agar haydovchi tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalari tomonidan kuzatib kelinayotgan transport vositalariga yo‘l berish maqsadida yoki tezkor va maxsus xizmatlarning ko‘k yoki qizil yoki ko‘k va qizil rangli yaltiroq mayoqcha hamda maxsus tovushli signallar bilan yaqinlashib kelayotgan avtomashinalarga yo‘l berish uchun qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, bunday harakatlar oxirgi zarurat holatida sodir etilgan deb e’tirof etiladi.
Agar bunday huquqbuzarliklar maxsus foto va video qayd etishning avtomatlashtirilgan texnik vositalari orqali qayd etilgan bo‘lsa ham, tezkor va maxsus xizmatlar kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifasini bajarganini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lsa, ma’muriy ish yuritish tugatiladi.
MJtK 271-moddasi: Ma’muriy huquqbuzarlik oxirgi zarurat tufayli sodir etilgan holda javobgarlikni istisno etadi.
Yo‘l berish majburiyati – Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 12 apreldagi 172-son qaroriga 1-Ilova qilingan Yo‘l harakati qoidalarining 3.2 va 3.3-bandlariga muvofiq, haydovchi maxsus signalli transport vositalariga to‘siqsiz o‘tib ketish imkoniyatini yaratib berishi shart.
Demak, agar haydovchi faqatgina tezkor yoki maxsus xizmat vositasiga yo‘l berish maqsadida qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ysa, bu harakat oxirgi zarurat holati sifatida baholanadi va haydovchi ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA