Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tez tibbiy yordamni takomillashtirish yo‘lida
20:53 / 2025-05-16

Bugun poytaxtimizda “Tez tibbiy yordam xizmatini tashkil etishning dolzarb masalalari” mavzusidagi I-Respublika s’ezdi o‘z ishini boshladi.

Mazkur yig‘inda mahalliy mutaxassislardan tashqari Rossiya, Xitoy, Turkiya, Janubiy Koreya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston kabi o‘ndan ziyod mamlakatlardan kelgan delegatlar ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu anjuman mamlakatimizda tez tibbiy yordam xizmati faoliyatini yanada rivojlantirish yuzasidan o‘zaro fikr almashish, ilg‘or xalqaro tajribani birgalikda muhokama qilish, soha amaliyotiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishda muhim platforma ekanligini ta’kidladi.

[gallery-23403]

Ma’lumki, bemorlar hayoti va sog‘ligini asrash, ularga shoshilinch tibbiy xizmat ko‘rsatishda tez tibbiy yordam xizmatining ahamiyati katta. Shu bois bugun diyorimizda mazkur soha butunlay transformatsiya qilinib, tizimning moddiy-texnik bazasi tubdan yangilanmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 16 iyundagi tegishli qaroriga ko‘ra, yurtimizda Respublika tez tibbiy yordam markazi tashkil etilib, uning yagona vertikal boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yildi. Sohaning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, zarur uskunalar bilan ta’minlandi. Natijada qisqa vaqt ichida «103» xizmati barcha xalqaro talablarga to‘liq javob beradigan yaxlit tizimga aylandi.

Muxtasar qilib aytganda, jahon standartlariga mos, eng ilg‘or tibbiy uskunalar bilan  jihozlangan zamonaviy avtomashinalar va yetuk mutaxassislar jamlangan ushbu tizim o‘zbek tibbiyotini yangi bosqichga olib chiqishga munosib hissa qo‘shmoqda.

Bugungi anjuman esa sohadagi ana shu islohotlar samarasi bilan yaqindan tanishish, mahalliy va xorijlik hamkasblar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, bu yo‘nalishdagi eng dolzarb masalalarni birgalikda muhokama qilish va rivojlanish istiqbollarini belgilashda muhim ahamiyatga ega.

Musulmon Ziyo, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA