Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tez tibbiy yordam tibbiyotning asosiy bo‘g‘ini
13:49 / 2022-10-10

Buxoro viloyati hokimligi va sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamkorligida Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida tez tibbiy yordam xizmati samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi. Unda viloyatning shahar va tumanlar negizida joylashgan shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limlarining mas’ul rahbarlari qatnashdi.

Maqsad, Prezidentimizning 2022 yil 16 iyundagi “Aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlashdir.

– Tez tibbiy yordam xizmati tibbiyotning yuragi, – deydi Boshqarma bosh mutaxassisi Ma’muraxon Safoyeva. – Bu xizmatga aholining doimiy ehtiyoji bo‘ladi, unda ishlovchilarning kecha-yu kunduz shayligi, salohiyati muhim. So‘nggi yillarda tez tibbiy yordam xizmati moddiy texnika bazasi va kadrlar jihatidan ham shakllandi.

Viloyatda tez tibbiy yordam xizmatiga tushadigan chaqiriqlarni qabul qilish uchun yagona koordinatsion – dispetcherlik markazi (“Call markazi”) tashkil etilgan. Shuningdek, shifokorlardan iborat maxsus tibbiy maslahat xizmati faoliyati (3 ta post: tez yordam vrachi, kardiolog, tibbiy psixolog) yo‘lga qo‘yildi. Viloyat tez tibbiy yordam tizimidagi barcha tez yordam sanitar avtomashinalari GPS navigator bilan jihozlandi.

Tez tibbiy yordam markazi viloyat filialiga yangi bino qurish uchun joy tanlangan bo‘lib, loyiha-smetasini tayyorlash ishlari nihoyasiga yetgan. bugungi kunda 13 ta tez tibbiy yordam stansiyalari va 102 ta tayanch shoxobchasida 150dan ortiq tibbiy brigada kecha-yu kunduz el salomatligi yo‘lida mehnat qilmoqda.

Seminarda tizimda erishilayotgan yutuqlar bilan bir qatorda muammo va kamchiliklar tahliliga ham alohida qaratildi.

bugungi kunda har bir chaqiruvga o‘z vaqtida borib, samarali va sifatli tez yordam ko‘rsatish, aholi roziligiga erishish maqsadida qator tavsiyalar berildi.

O‘tkazilgan amaliy mashg‘ulotlar ishtirokchilarning malakaviy tajriba va bilimlarini oshirishga xizmat qildi.

Zarif Komilov, O‘zA