Tibbiyotni tez tibbiy yordam xizmatisiz, tez tibbiy yordam xizmatini esa transport vositalarisiz, jihozlarsiz tasavvur etish qiyin. Ana shu mashinalar soz bo‘lsa chaqiriqlar o‘z vaqtida bajariladi, og‘ir ahvoldagi bemorga tez tibbiy yordam ko‘rsatiladi.
Mamlakatimizning barcha hududlarda bo‘lgani kabi, Sirdaryoda ham “Damas” va boshqa eskirgan tez tibbiy yordam mashinalari yangi, zamonaviy avtotransport vositalariga almashtirilayotgani bu boradagi muammolarni bartaraf etilishiga, tibbiy brigadalarning chaqiriqlarga kechikish holatlarini sezilarli darajada kamaytirishga xizmat qiladi.
Sirdaryo viloyatining 8 ta hududidagi “Damas” va boshqa eskirgan tez tibbiy yordam mashinalari A toifali "Wolkswagen Caddy" rusumli zamonaviy tez tibbiy yordam mashinalarga almashtirilgan edi. Kuni kecha 10 ta tez tibbiy yordam bo‘limlariga yangi, zamonaviy "Wolkswagen Caddy" rusumli tez tibbiy yordam mashinalari berildi. Quvonarlisi Sirdaryo viloyati tez tibbiy yordam tizimidagi "Wolkswagen Caddy" rusumli tez tibbiy yordam mashinalari soni 23 taga yetdi.
– 2024 yilda shu turdagi avtomashinalardan yana 57 tasi Sirdaryo viloyatiga keltirilib, "Damas” va boshqa eskirgan tez tibbiy yordam mashinalar o‘rnida ishlay boshlaydi, – deydi Respublika tez tibbiy yordam markazi Sirdaryo filiali direktori Oybek Usmonov. – Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, A toifali "Wolkswagen Caddy" rusumli tez tibbiy yordam mashinalari tez tibbiy yordam brigadalari ishini yanada yaxshilash, chaqiriqlarni vaqtida bajarish, og‘ir ahvoldagi bemorlarga o‘z vaqtida tez tibbiy yordam ko‘rsatish imkonini beradi.
Sh. Suyarov,
O‘zA