French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tez tibbiy va shoshilinch yordam tizimini takomillashtirish bo‘yicha dastur ishlab chiqildi
21:02 / 2022-05-05

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 5 may kuni tez tibbiy va shoshilinch yordam xizmati faoliyatini takomillashtirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Bu sohalar inson sog‘lig‘i va hayotini saqlab qolishda “oltin soat” oralig‘ida birinchi yordam ko‘rsatuvchi muhim bo‘g‘indir. So‘nggi besh yilda bu yo‘nalishlarning moddiy ta’minoti va kadrlar salohiyatini yaxshilash bo‘yicha ko‘p ishlar qilindi.

Jumladan, 2 ming 224 ta yangi tez yordam mashinalari xarid qilindi, zamonaviy reanimatsiya mashinalari soni 24 tadan 435 taga yetkazildi. Tez yordam stansiyalari va brigadalari soni ham ko‘paytirildi. Shuningdek, bitta chaqiriq uchun dori-darmonga ajratilayotgan mablag‘lar miqdori 16 baravarga, dori turlari 20 tadan 45 tagacha oshirildi.

Shoshilinch yordam sohasida ham quyi bo‘g‘inga katta e’tibor qaratildi. Hududlarda 21 ta tumanlararo qo‘shma shikastlanish va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etildi. Natijada tuman va shahar aholisini viloyat markazlariga murojaatlarini kamaytirdi.

Masalan, ilgari “Qamchiq” dovonida avtohalokatda og‘ir tan jarohati olgan bemorlar 100 kilometr masofa bosib, Toshkent va Namangan shahridagi shoshilinch markazlarga olib borilgan. Endi Angren shahri va Pop tumanida ochilgan markazlar odamlar joniga ora kirmoqda.

Shu bilan birga, sohada hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar ham bor. Ular haqida 18 mart kuni davlatimiz rahbarining tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqotida aytilgan edi. 

Misol uchun, o‘tgan yili tez tibbiy yordam brigadasining kechikib kelishi bo‘yicha 50 mingdan ziyod shikoyat kelib tushgan.

Buning sabablaridan biri sohada yagona boshqaruv yo‘lga qo‘yilmaganidir. Jumladan, tez tibbiy yordam xodimini ishga tayinlash, dori-darmon ta’minoti, transport, yoqilg‘i va haydovchilar masalasi viloyatdagi turli boshqarmalar vakolatida. Boshqaruvdagi bunday chalkashliklar evaziga tez tibbiy yordam xizmati ko‘rsatish tuman hududi bilan cheklangan. Tez yordam stansiyasi qo‘shni tuman bilan chegaradosh bo‘lsa-da, boshqa hudud degan vaj bilan chaqiruvni qabul qilmaydi.

Tez tibbiy yordam mashinalarining ko‘pida navigatsiya jihozlari yo‘qligi, 10 mingta ko‘chaga haligacha nom va 500 mingga yaqin uylarga raqam qo‘yilmagani sababli manzilni topishga ko‘p vaqt ketmoqda.

Tizimdagi eng katta muammo – shoshilinch yordam bemor uchun eng yaqin tibbiyot muassasasida emas, balki faqatgina oldindan biriktirilgan sanoqli shifoxonalarda ko‘rsatiladi.

Shu bois tez tibbiy va shoshilinch yordam tizimini takomillashtirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqilgani ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda ushbu dasturdagi asosiy yangiliklar, uni amalga oshirish borasidagi vazifalar ko‘rsatib o‘tildi.

Xususan, joriy yil 1 iyuldan yagona vertikal boshqaruv asosida “103” Respublika tez tibbiy yordam markazi va uning viloyat filiallari tashkil etiladi. Buning natijasida endi tez tibbiy yordam ko‘rsatish bir tuman hududida emas, balki Toshkent shahri tajribasi asosida, masofaga qarab butun viloyat bo‘yicha yo‘lga qo‘yiladi.

Tumanlarda chaqiruvlarni qabul qilish dispetcherlik xizmati tugatilib, viloyatlarda yagona koll-markaz tuziladi. Koll-markazda operatorlar bilan birga alohida tibbiyot-maslahat brigadasi faoliyat olib boradi. Shuningdek, viloyat koll-markazlariga tez tibbiy yordam xizmati mavjud xususiy klinikalar ham ulanishi mumkin bo‘ladi.

Bu tajriba dastlab Sirdaryo viloyatida Tibbiy sug‘urta jamg‘armasi orqali tashkil etiladi va bosqichma-bosqich barcha hududlarga keng joriy etiladi.

2022-2025 yillarda tez tibbiy yordam tizimidagi barcha eskirgan mashinalar zamonaviy avtomobillarga almashtirilishi, natijada chaqiruvlarga yetib borish vaqti 3 barobarga qisqarishi qayd etildi.

bugungi kunda 2 ming 695 ta tez tibbiy yordam brigadasi bo‘lib, 500 dan ortig‘ida vrach yetishmaydi, shuningdek, 6 mingdan ortiq shifokor o‘rindoshlik asosida ishlaydi.

Xalqaro tajribaga ko‘ra, barcha chaqiruvlarda ham vrachlar bo‘lishi shart emas. Shuning uchun endi chaqiruvlarning murakkabligi, dolzarbligi va turiga qarab, saralash tizimi joriy etiladi.

Yana bir masala: bizda tez tibbiy yordam brigadalari vrach, feldsher va haydovchidan tashkil topgan. Xorijiy tajribada tez yordam feldsheri bir vaqtning o‘zida haydovchi hisoblanadi.

Shu bois yangi o‘quv yilidan feldsherlikka o‘qiyotgan yoshlar haydovchilikka ham o‘rgatilishi belgilandi. Buning uchun tibbiyot kollejlariga haydovchilik maktablari biriktiriladi.

Ko‘rsatilgan xizmatni bemorlar tomonidan baholash orqali tez tibbiy yordam xodimlarini rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda, har chorak yakunida faoliyati bemorlar tomonidan yaxshi baholangan brigadalar xodimlari oylik ish haqining 50 foizi miqdorida mukofotlanadi.

Yurtimizda har ming kishiga nisbatan chaqiruvlar soni 352 tani tashkil etadi. Bu rivojlangan davlatlardagiga qaraganda 6-7 baravar ko‘p. Chunki qishloq va mahallalarda oddiy tibbiy xizmat yo‘lga qo‘yilmagani uchun aholi tez yordamga murojaat qilmoqda.

Shuning uchun mahallalarda tibbiyot punktlari tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Tez tibbiy yordam tizimi xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirish masalasiga ham e’tibor qaratildi. Buning uchun, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam o‘quv-mashg‘ulot markazi Respublika tez tibbiy yordam markazi tizimiga o‘tkazilib, Xodimlar malakasini oshirish maktabi sifatida qayta tashkil etiladi. Turkiya, Koreya, Fransiya kabi tez yordam tizimi ilg‘or bo‘lgan mamlakatlardan mutaxassislar jalb qilinadi.

Tumanlar darajasida shoshilinch tibbiy xizmat qamrovini kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Buning uchun, eng avvalo barcha tuman va shahar shifoxonalaridagi terapiya, pediatriya va xirurgiya yo‘nalishida bir-birini takrorlaydigan rejali va shoshilinch bo‘limlar birlashtiriladi. Ularda tunu kun ishlaydigan shoshilinch yordam qabulxonalari tashkil etiladi.

– Bu vazifalarni joy-joyiga qo‘ysak, tibbiyot sohasini xalqqa yanada yaqin qilgan, inson qadrini ulug‘lash uchun yana bir qadam tashlagan bo‘lamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda viloyat, tuman va shahar hokimlariga tez tibbiy va shoshilinch yordam xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha o‘zlarining hududiy dasturlarini qabul qilib, ijrosini tashkil etish vazifasi qo‘yildi.