Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tez kunlarda mahalliy va xorijlik ishlab chiqaruvchilar uchun yana bir muloqot maydoni yaratiladi
19:03 / 2023-08-28

Joriy yilning 6-8 sentyabr kunlari poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz“ markaziy ko‘rgazmalar majmuida “Qo‘riqlash va xavfsizlik. Yong‘inga qarshi uskunalar va tizimlar. Sanoat xavfsizligi texnologiyalari. IT yechimlari va ma’lumotlar xavfsizligi - Securex Uzbekistan 2023” va “Elektronika, elektrotexnika, yashil energetika va innovatsion texnologiyalar – UzE-TechExpo 2023” xalqaro ko‘rgazmalari o‘tkaziladi.

"Iteca Exhibitions" xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi menejeri Nodira Hayitboyeva ushbu ko‘rgazmalarning ochilishiga taraddud ko‘rish jarayonlari va ishtirokchilari haqida O‘zA muxbiriga intervyu berdi.

– Ochig‘ini aytish kerakki, bu ko‘rgazmalarni tashkil etish mamlakatimiz ishlab chiqarish sohasi ravnaqida muhim ahamiyatga ega, –dedi N.Hayitboyeva. – Tez kunlarda ochilishi kutilayotgan “Securex Uzbekistan 2023” 14-xalqaro ko‘rgazmasi “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi va uning hamkori “ICA Eurasia Group” tomonidan tashkil etilayotgan bo‘lsa, “UzE-TechExpo 2023” ko‘rgazmasi tashkilotchilari – “Congresses of Central Asia – CCA” va uning hamkori “ICA Eurasia Group” xalqaro ko‘rgazma kompaniyalaridir.

Bugungi kunda sanoat ishlab chiqarishining rivojlanishi, sanoat va uy-joy majmualarini qurish hajmining oshishi fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, ob’ektlarni qo‘riqlash, yong‘in, ekologik, sanoat va axborot xavfsizligini ta’minlash zarurligini keltirib chiqarmoqda. Bunday talablar esa an’anaviy “Securex Uzbekistan 2023” xalqaro ko‘rgazmasida namoyish etiladigan eng yangi uskunalar va texnologiyalarning ko‘lamini kengaytirishga zamin yaratmoqda.  

Ushbu ko‘rgazmada O‘zbekiston, Belarus, Finlyandiya, Germaniya, Isroil, Qozog‘iston, Rossiya va Xitoy kompaniyalari ishtiroki kutilmoqda. Ular tomonidan “aqlli uy” texnologiyalari, sanoatni avtomatlashtirish, videokuzatuv tizimlari, radiatsion nazorat uskunalari, hujjatlar, banknotalar va qimmatli qog‘ozlarning haqiqiyligini tekshirish uchun ekspert mahsulotlari, maxsus kiyim, harbiy kiyim va ish kiyimlari, tarmoq va telekommunikatsiya uskunalari, huquqni muhofaza qilish va maxsus idoralar uchun IT yechimlari taqdim etiladi.

“UzE-TechExpo 2023” xalqaro ko‘rgazmasi esa elektrotexnika tarmog‘i uchun zamonaviy uskunalarni taqdim etadi.

O‘z navtabida, elektrotexnika O‘zbekiston iqtisodiyotining harakatga soluvchi tarmoqlari sirasidan. Keyingi 5 yil ichida sohaga 560 million dollar sarmoya kiritildi va 163 ta yangi loyiha ishga tushirildi. Hozirgi vaqtda 1,2 milliard dollarlik 205 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Natijada ishlab chiqarilayotgan mahsulot hajmi 5 barobar, eksport hajmi 3 barobar oshdi.

Prezidentimizning 2022 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq elektrotexnika sohasida kelgusi uch yil ichida jami 604,9 million dollar, shundan 183,0 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan.  

Bunday talablar ijrosida “UzE-TechExpo 2023” xalqaro ko‘rgazmasi elektrotexnika va elektronika sanoatining deyarli barcha sohalarida yangiliklarni namoyish etish uchun katta maydon hisoblanadi. Ko‘rgazmada bu yil Xitoy, Rossiya, Turkiya va O‘zbekistondan elektr, elektronika, maishiy texnika, aloqa tizimlari va telekommunikatsiya uskunalari hamda quyosh panellarining keng assortimentini taqdim etuvchi kompaniyalar qatnashadi.

Eng muhimi, ko‘rgazma texnologiyalar, uskunalar va materiallar, komponentlar va modullar, o‘lchash uskunalari, quvvat manbalari, simsiz texnologiyalar, elektr ishlab chiqarish, kabellar, “aqlli uy” yechimlari, zamonaviy mahsulotlarning so‘nggi ishlanmalarini namoyish etishga hamda soha vakillari, mutaxassislar uchrashuvlari va biznes aloqalarini o‘rnatishga keng yo‘l ochib beradi.

O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi