Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tez kunda Samarqanddan Bokuga muntazam parvozlar yo‘lga qo‘yiladi
11:40 / 2025-05-22

O‘zbekistonda turizm salohiyatini yuksaltirishda yangi avia yo‘nalishlarni ochish muhim ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Bu jarayonda “Air Samarkand” aviakompaniyasi ham faol ishtirok etib, xalqaro yo‘nalishlar geografiyasini kengaytirishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

Joriy yilning may va iyun oylarida kompaniya Turkiya, Gruziya, Isroil va Ozarbayjon kabi mamlakatlar bilan muntazam hamda charter parvozlarni amalga oshirishni boshladi.  

Bu borada erishilgan natijalar haqida kompaniyaning ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘yicha direktori Oleg Ivanov O‘zA muxbiriga intervyu berdi:  

– Albatta, kompaniyamizning bunday sa’y-harakatlari nafaqat mamlakatimizning jahon turizm xaritasidagi mavqeini mustahkamlashga, balki aholi uchun qulay va xavfsiz sayohat imkoniyatlarini yaratishga xizmat qilmoqda.  

Jumladan, 4 may kuni amalga oshirilgan Samarqand – Tel-Aviv yo‘nalishidagi ilk to‘g‘ridan-to‘g‘ri reys O‘zbekiston va Isroil o‘rtasidagi hamkorlikda yangi sahifa ochdi. Shuningdek, Gruziyaning Tbilisi va Batumi shaharlariga charter reyslar yo‘lga qo‘yildi. Iyun oyidan esa Samarqanddan Ozarbayjon poytaxti Bokuga muntazam parvozlar boshlanishi rejalashtirilgan. Samarqand – Istanbul yo‘nalishidagi parvozlar soni esa sezilarli darajada ko‘paytirildi.  

Aviakompaniya mutaxassislarining ta’kidlashicha, yo‘lovchilar talab va ehtiyojlarini tahlil qilib, ularga eng qulay, xavfsiz va maqsadli yo‘nalishlarni taklif etish asosiy vazifa hisoblanadi. Ayniqsa, yoz mavsumida xalqaro sayohatlarga bo‘lgan talab ortishi kuzatiladi. Shu bois, Turkiya, Gruziya, Isroil va Ozarbayjon yo‘nalishlariga yangi reyslar tashkil etildi.  

Samarqand – Tel-Aviv reysi kompaniya uchun strategik ahamiyatga ega. U orqali yo‘lovchilar Isroilning markaziy shaharlariga tez va qulay tarzda yetib borish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ilk kunlardanoq reysga talab yuqori. Shu sababli, 3 iyuldan boshlab har payshanba kuni qo‘shimcha reys yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.  

Gruziyaning Tbilisi va Batumi shaharlariga reyslar “EasyBooking” turoperatori bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Turpaketlar parvoz, mehmonxona va transfer xizmatlarini qamrab oladi. Iyun oyidan boshlab Tbilisiga haftasiga ikki marta, Batumiga esa uch marta reys amalga oshiriladi.  

E’tiborlisi, 6 iyundan boshlab Samarqand va Toshkentdan Boku shahriga muntazam parvozlar boshlanadi. Toshkentdan seshanba va payshanba kunlari, Samarqanddan esa juma kunlari parvozlar amalga oshiriladi. Ozarbayjon poytaxti nafaqat biznes toifasi, balki sayyohlar uchun ham jozibali yo‘nalish hisoblanadi. Mazkur reys ikki davlat o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik va hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlaydi.  

Shuningdek, 26 maydan boshlab Samarqand – Istanbul yo‘nalishidagi parvozlar soni haftasiga uchtadan beshtagacha oshirildi. Endi yo‘lovchilar dushanba, seshanba, chorshanba, payshanba va shanba kunlari Istanbulga uchish imkoniga ega bo‘ladilar. Bu esa sayohatni rejalashtirishda keng imkoniyat yaratadi.  

Barcha reyslarda parvoz vaqtiga qarab yo‘lovchilarga to‘liq taom yoki nonushta taqdim etiladi. Har bir bortda “Air Samarkand”ning maxsus jurnali tarqatiladi. Unda sayohatlar, madaniyat, Samarqand va mamlakatimizning tarixiy yodgorliklari haqida qiziqarli maqolalar, shuningdek, aviakompaniya yangiliklari jamlangan.  

Kompaniya xalqaro yo‘nalishlarni yanada kengaytirish va aviaparkni boyitish ustida faol ish olib bormoqda. Umid qilamizki, yo‘lga qo‘yilayotgan yangi reyslar nafaqat xorijlik sayyohlar, balki yurtdoshlarimiz uchun ham doimiy, qulay va ishonchli yo‘nalishlarga aylanadi.  

O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.