Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
TEZ KUNDA: "Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida" xalqaro madaniy forumi va Madaniy meros haftaligi
13:02 / 2021-09-08

Joriy yilning 14-15 sentyabr kunlari Xiva shahrida "Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida" xalqaro madaniy forumi o‘tkaziladi.

 O‘zbekiston hukumatining qo‘llab-quvvatlashi bilan o‘tkazilayotgan tadbirlar O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati va O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tomonidan, shuningdek,  YUNESKO, Turizm va sport vazirligi, Madaniyat vazirligi, «Eriell Group» neft servis kompaniyasi ko‘magi bilan bo‘lib o‘tadi.

 Ahamiyatli jihati, ushbu nufuzli tadbir YUNESKO bilan birgalikda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh assambleyasining 75 -sessiyasida bildirilgan tashabbusi bilan o‘tkazilmoqda. Xalqaro tashkilot rahbari O‘zbekiston Prezidentining tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.  

 Xiva – Buyuk Ipak yo‘lining eng qadimiy shaharlaridan biri, shahar uzoq vaqt davomida ta’lim, ilm-fan va madaniyat markazi bo‘lib kelgan, ming yillar davomida sivilizatsiyalar beshigi sifatida xizmat qilgan, qadimiy Xiva vohasining ichki shahri «Ichan-Qal’a» esa 1990 yilda YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Bo‘lib o‘tadigan forum mintaqamiz xalqlarining jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan bebaho hissasi haqida har tomonlama fikr almashish uchun maydon bo‘lib xizmat qiladi.

Yana bir muhim voqea sifatida TURKSOY davlatlari madaniyat vazirlari doimiy kengashi yig‘ilishining ochilishini aytib o‘tishimiz mumkin. Dastur doirasida "Xiva – turk dunyosining madaniy poytaxti" doirasidagi tadbirlar haqida hisobot, 2022 yil turk dunyosining madaniy poytaxti taqdimoti, shuningdek, 2021-2024 yillar uchun TURKSOY Bosh kotibining saylovi bo‘lib o‘tadi.

 Xivada "Arxeologiya va turizm: salohiyatni aniqlash va merosni boshqarish " xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Tadbir YUNESKO shafeligida o‘tkaziladi. Ishtirokchilar tomonidan arxeologik merosni boshqarish va geomadaniy brending, fundamental va amaliy fandagi arxeologik meros va boshqa dolzarb masalalar muhokama qilinadi.

Shuningdek, joriy yilning 13-21 sentyabr kunlari O‘zbekistonning bir nechta shaharlari – Toshkent, Xiva va Nukusda an’anaviy tadbirga aylangan Madaniy meros haftaligining bir qator yorqin madaniy tadbirlari o‘tkaziladi. Haftalik doirasida O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining "O‘zbekiston madaniy merosi – Yangi Renessans poydevori" V Kongressi bo‘lib o‘tadi.

 Kongressda dunyoning 46 mamlakatidan tashrif buyurgan 350 dan ziyod olim va mutaxassislar , yetakchi sharqshunoslar, qur’onshunoslar, ekspertlar, tadqiqotchilar, qo‘lyozmalar va miniatyuralar bo‘yicha mutaxassislar va boshqa ko‘plab mutaxassislar ishtirok etadi.

Madaniy meros haftaligi doirasida O‘zbekiston fuqarolari va xorijlik mehmonlarni mamlakatimiz san’atining noyob durdonalari bilan tanishtirish maqsadida o‘ndan ortiq ko‘rgazmalar o‘tkazish rejalashtirilgan. Jumladan, arxeolog, O‘rta Osiyo madaniyati tadqiqotchisi Leon Semyonovich Barshevskiyning "O‘zbekiston tarixi fotosuratlarda", "Markaziy Osiyo kartografiyasi: fan va geosiyosat o‘rtasida" fotoko‘rgazmalari, "O‘zbekistonning 100 buyuk durdona qo‘lyozmalari" nomli fotoko‘rgazma. Rishton kulolchilik buyumlari ko‘rgazmasi, Shahrisabz va Samarqand yodgorliklariga virtual sayohat "Zamonaviy ilm-fanda 3D-texnologiyasi", videoart ko‘rgazmasi, J.Usmonovning "A.Navoiy she’riyati" rasmlar ko‘rgazmasi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy bankining numizmatik to‘plami ko‘rgazmasi va boshqa ko‘plab tadbirlar bo‘lib o‘tadi.

Madaniy meros haftaligi doirasida o‘zbek san’atining jahon va mahalliy to‘plamlarda saqlanayotgan durdonalariga bag‘ishlangan "O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plarida" turkumidagi 50 ta noyob kitob-albom taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, kitob-albomlarning 50 ta to‘plamini muzeylar, galereyalar, ta’lim muassasalari, xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi elchixonalari va konsulliklariga topshirish marosimini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Madaniy meros haftaligi ishtirokchilari Nukus shahriga tashrif buyuradi va Nukus baxshichilik maktabida bo‘lib o‘tadigan "Baxshichilik san’atining jahon madaniyati sivilizatsiyasida tutgan o‘rni" xalqaro ilmiy-nazariy konferensiyasi va Xalqaro baxshichilik san’ati festivalining ochilish marosimida ishtirok etadi.

Nasiba Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA.