Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini rejalashtirish, demografik jarayonlar hamda qishloq xo‘jaligi salohiyatini xolis va aniq baholashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur jarayon orqali hududlar kesimida aholining tarkibi, turmush darajasi, mehnat resurslari va qishloq xo‘jaligi sub’ektlarining holati haqida to‘liq ma’lumotlar shakllantirilib, kelgusida davlat dasturlari va tarmoq strategiyalarini ishlab chiqish uchun mustahkam statistik asos yaratiladi.

“O‘zkimyosanoat” AJ axborot xizmati rahbari Hojiakbar To‘laganovning qayd etishicha, mazkur tashkilot tomonidan Prezidentimizning 2025 yil 19 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash bo‘yicha tizimli va manzilli ishlar olib borilmoqda.

– Xususan, davlatimiz rahbarining mazkur farmoni asosida 2026 yil 15 yanvardan 28 fevralga qadar o‘tkaziladigan ro‘yxatdan o‘tkazish tadbirlari “mahalla yettiligi” ishtirokida uyma-uy yurib amalga oshirilishi va mazkur jarayonda muhim jihatlarga e’tibor qaratilishi lozimligi ko‘zda tutilgan, – dedi H.To‘laganov. – Xususan, tashkilotimiz rahbariyatiga Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumani, Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumani hamda Toshkent shahrining Uchtepa tumani biriktirilgan bo‘lib, ushbu hududlarda ro‘yxatga olish tadbirlarini sifatli tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bizga biriktirilgan hududlarda mahalla fuqarolar yig‘inlari, ta’lim muassasalari hamda tegishli tashkilotlarda amaliy o‘quv seminarlari va tushuntirish ishlari o‘tkazilyapti. Ushbu tadbirlar davomida aholi va mas’ul xodimlarga ro‘yxatga olish jarayonining mazmun-mohiyati, huquqiy asoslari, belgilangan tartib va muddatlar, shuningdek, elektron so‘rovnomalarni to‘g‘ri to‘ldirish masalalari yuzasidan batafsil ma’lumotlar berilmoqda.
Shu bilan birga, mahallalarda nuroniylar, oqsoqollar va faol fuqarolar bilan ochiq muloqotlar tashkil etilib, aholi xabardorligini oshirish, har bir xonadonga yetib borish hamda jarayonni belgilangan talablar asosida amalga oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. “O‘zkimyosanoat” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu ishlar aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini yuqori saviyada o‘tkazishga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA