Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Texnoparklar – elektrotexnika sanoatini yangi bosqichga olib chiqayotgan klasterga aylanyapti
21:12 / 2026-02-13

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-fevral kuni Toshkent viloyatining Ohangaron tumaniga tashrif buyurib, elektrotexnika sanoati texnoparkidagi korxonalar faoliyati bilan tanishdi.

Dastlabki manzil yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Enco Group” korxonasi bo‘ldi.

Mamlakatimizda energetika tarmog‘ini jadal modernizatsiya qilish, yangi elektr stansiyalari va nimstansiyalar qurish, magistral tarmoqlarni yangilash hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Iqtisodiyot tarmoqlari va aholi sonining o‘sishi natijasida elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotgani yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini rivojlantirishni taqozo etmoqda. Shu bois, yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlariga ichki va tashqi bozorlarda barqaror talab shakllanmoqda.

Faoliyati ushbu talabni qondirishga qaratilgan “Enco Group” korxonasi Belarus Respublikasining “Energokomplekt” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Eltech Industrial” texnoparki hududida 21 gektar maydonda barpo etilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati qariyb 60 million dollarni tashkil etadi. Korxona to‘liq quvvatga chiqqanidan so‘ng 600 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.

Loyiha ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Korxona yiliga 25 ming tonna mahsulot ishlab chiqarishi, eksport salohiyati 300 million dollarni tashkil etishi kutilmoqda.

Ayni paytda qurilish ishlarining birinchi bosqichi 98 foizga yakunlangan, 10 million dollardan ortiq investitsiya o‘zlashtirilgan. Korxona mahsulotlari Germaniya, Latviya, Estoniya, Bolgariya va MDH davlatlariga eksport qilish rejalashtirilgan bo‘lib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yillik eksport hajmi 140 million dollarga yetishi taxmin qilinmoqda.

O‘tgan yili mamlakatimizga 400 million dollarga yaqin yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlari va izolyatsiyalangan mis shinalar import qilingan. Korxona to‘liq ishga tushirilgandan keyin 150 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi shunday mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.

Markaziy Osiyoda bunday yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan 12 ta korxonaning 4 tasi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu mamlakatimizda elektrotexnika sanoati bosqichma-bosqich yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan tarmoqqa aylanayotganini ko‘rsatadi.

Davlatimiz rahbariga korxonaning kelgusidagi rivojlanish rejalari, ishlab chiqarish hajmini kengaytirish, mahsulot turlarini ko‘paytirish hamda mahalliylashtirish darajasini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimot qilindi.

Prezidentimiz sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, mahalliy xomashyodan samarali foydalanish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda eksportbop raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada kuchaytirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Shundan so‘ng davlatimiz rahbari  Ohangaron tumanidagi “Vades Group” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan yuqori texnologiyali loyiha bilan tanishdi.

Mazkur korxonada identifikatsiya uchun mo‘ljallangan mikroprotsessor modullari, sim-kartalar, shuningdek, transport, ijtimoiy va xalqaro to‘lov kartalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 22-yanvarda “Elektrotexnika sanoatini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Hujjatda elektrotexnika sanoati va unga yondosh sohalarni rivojlantirish, yuqori texnologiyali hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish borasida vazifalar belgilab berilgan.

Shunga muvofiq, korxona raqamli davlat xizmatlarini joriy etish, fuqarolarning kundalik ehtiyojlari uchun qulay va xavfsiz to‘lov tizimlarini shakllantirishda zarur bo‘lgan vositalarni ishlab chiqaradi.

Germaniyaning “Infineon technologies” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Eltech Industrial” texnoparki hududida tashkil etilayotgan korxonaning umumiy qiymati 15 million dollarga teng.

Ayni vaqtda qurilish ishlarining ikkinchi bosqichi o‘n besh foizga bajarilib, 7 million dollar investitsiya o‘zlashtirilgan.

Hududi 4 gektar maydonni egallagan zamonaviy majmuada 100 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi, 6 million dollarlik eksport amalga oshiriladi.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, 2025-yil davomida mamlakatimizga 35 million dollarlik mikroprotsessor modullari, sim-kartalar va turli to‘lov kartalari import qilingan.

Mazkur korxona to‘liq ishga tushishi hisobiga 5 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilib, bozordagi tannarx uch-besh foizga pasayishi kutilyapti.

Zamonaviy korxonada ishlab chiqariladigan mahsulotlar Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston hamda Mozambik, Kambodja kabi qator davlatlarga eksport qilinadi.

Davlatimiz rahbari MDH davlatlari orasida ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha uchinchi o‘rinda bo‘lishi kutilayotgan ushbu korxonada yaratilayotgan shart-sharoitlar, texnologik ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

Prezidentimiz yuqori qiymatli mahsulotlar bo‘yicha innovatsion yondashuvlarni joriy etish, mahalliy kadrlar salohiyatini oshirish va eksportni yanada kengaytirish masalalarida muhim topshiriq va tavsiyalar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga tashrifi doirasida Ohangaron tumanidagi “Infinity Copper Group” mis quvurlari va fitinglar ishlab chiqarish korxonasida ham bo‘ldi.

Loyiha Xitoy va Germaniya kompaniyalari bilan hamkorlikda 10 gektar maydonda amalga oshirilayotgani, uning umumiy qiymati 36 million dollarga teng ekani haqida ma’lumot berildi.

Bu yerda qurilish ishlari 90 foizga yakunlangan, loyiha doirasida 14,9 million dollar investitsiya o‘zlashtirilgan.

O‘zbekistonga 2025-yilda 15 million dollarlik mis quvurlar va fitinglar import qilingan. Mazkur korxona to‘liq ishga tushgach, 10 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilishi kutilmoqda.

Korxonada 300 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, 200 milliard so‘m byudjet tushumlari ta’minlanadi hamda 350 million dollarlik eksport amalga oshiriladi. Mahsulotlar Birlashgan Arab Amirliklari, AQSH, Afrika qit’asi hamda Yevropa davlatlariga yetkazib beriladi.

“Infinity Copper Group” O‘zbekistonda mis quvurlari va fitinglar ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha yetakchi o‘rinni egallab, jami to‘rtta ishlab chiqarish korxonasini o‘z ichiga oladi.

Prezidentimiz mamlakatimizda mis quvurlari va fitinglar ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega sanoat mahsulotlari ulushini oshirish muhimligini ta’kidladi.

Bunday zamonaviy, raqobatbardosh korxonalar sonini ko‘paytirish orqali ichki bozor ehtiyojini to‘liq qondirish va eksport salohiyatini yanada kengaytirish zarurligi qayd etildi.

 Davlatimiz rahbari Ohangaron tumaniga tashrifi davomida “Premier” maishiy texnika mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan ham tanishdi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda elektrotexnika sanoatini rivojlantirish har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Natijada tarmoqqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, mahalliy xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash, import o‘rnini bosuvchi, eksport bozorlarida raqobatbardosh va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish kengaydi.

Xususan, Ohangarondagi mazkur loyiha ham Birlashgan Arab Amirliklarining “Fajr Al Mustaqbal General Trading” korxonasi bilan hamkorlikda 10 gektar maydonda amalga oshirilayotgan bo‘lib, umumiy qiymati 30 million dollarni tashkil qiladi.

Loyiha doirasida 250 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, 4 million dollar eksport amalga oshiriladi. Ayni vaqtda qurilish ishlari 95 foizga bajarilib, 11,3 million dollar investitsiya o‘zlashtirilgan.

Mazkur korxonada ishlab chiqariladigan mahsulotlar Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston, Rossiya, Qirg‘iz Respublikasi, Afg‘oniston kabi davlatlarga eksport qilinadi.

Ayni paytda bu kabi korxona O‘zbekistonda ikkita, Markaziy Osiyoda esa to‘rtta bo‘lib, ularning orasida mazkur loyiha mahsulot ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi.

Kelgusida majmua to‘liq ishga tushishining hisobiga 87 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilishi kutilyapti.

Davlatimiz rahbari korxonaning ish jarayoni, mahsulotlari sifatini ko‘zdan kechirdi. Mutaxassislar va ishchilar bilan suhbatlashdi.

Shu yerning o‘zida korxonaning 2026-2027-yillarga mo‘ljallangan rivojlanish dasturi taqdimot qilindi. Mamlakatimizdagi elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarning ko‘rgazmasi bilan tanishildi.

Prezidentimizga “Eltech Industrial” texnoparkida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqbolli rejalar to‘g‘risida  axborot berildi.

Texnopark elektrotexnika sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, yangi ish o‘rinlari yaratish va eksport geografiyasini kengaytirishga qaratilgan yirik sanoat klasteriga aylanmoqda. Texnopark to‘rtta hududdan iborat, umumiy maydoni 362 gektarni tashkil etadi. Hozirgi kunda 4 ta loyiha ishga tushirilgan, 27 ta loyiha shakllantirilgan. Umumiy qiymati 797 million dollar bo‘lgan korxonalarda minglab yangi ish o‘rinlari yaratish va salmoqli eksport hajmiga erishish rejalashtirilgan.

Ishga tushirilgan korxonalarda mis quvurlari va fitinglar, mikroprotsessor modullari va sim-kartalar, yuqori kuchlanishli kabellar hamda maishiy texnika mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Kelgusida o‘ta yupqa mis folgasi, boshqaruv va SIP kabellari, robototexnika va elektroplatalar kabi yangi turdagi mahsulotlar o‘zlashtiriladi.

– Elektrotexnika sanoatini iqtisodiyotimiz drayverlaridan biriga aylantirib, ko‘rsatkichlarni kelgusida o‘n milliard dollarga yetkazishni strategik maqsad qilib qo‘yishimiz zarur. Buning uchun ichki va tashqi bozorlarda mustahkam o‘rin egallash, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish hamda soha uchun yetuk, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratishimiz shart, – dedi davlatimiz rahbari.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Abdulaziz RUSTAMOV,

Marhabo XOJIAKBAROVA,

Behruz XUDOYBERDIEV,

O‘zA muxbirlari