Andijon viloyati yuridik texnikumi bitiruvchilariga diplom topshirildi.
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari, advokatura hamda notarial idoralar xodimlari, texnikum o‘qituvchilari, bitiruvchilari, ularning ota-onalari ishtirok etgan diplom topshirish tadbirida so‘z olganlar bitiruvchilarni muborakbod etib, ularning kelgusi ishlarida zafarlar tiladi. Shuningdek, mamlakatimizda huquqshunos mutaxassislar tayyorlash, xususan, Andijon viloyati yuridik texnikumida ham mazkur yo‘nalishda keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Joriy o‘quv yilda ushbu texnikumni 107 nafar yigit-qiz “Davlat huquqiy faoliyati”, “Yuridik xizmat” va “Sud-huquqiy faoliyati” muaxassisligi bo‘yicha tamomladi. Umuman, texnikum tashkil etilgandan buyon o‘tgan to‘rt yil davomida 543 nafar o‘quvchi tahsil olgan. Bugungi kunda ularning aksariyati adliya organlari, Davlat xizmatlari markazlari, sudlar hamda majburiy ijro byurosi bo‘limlarida inspektor, ish yurituvchi, sudya va advokat yordamchisi, notarius kotibi vazifalarida ishlab kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga asosan, texnikum bitiruvchilari orasida yuqori natijalarga erishgan o‘quvchilar yurispredensiya mutaxassisligi bo‘yicha yuridik kadrlarni tayyorlashni amalga oshiruvchi oliy ta’lim tashkilotlari bakalavriatiga test sinovlarisiz, yakka tartibda suhbat o‘tkazish orqali 2-bosqichdan qabul qilinishi belgilangan.
[gallery-12895]
Joriy yilda ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan tanlov natijalariga ko‘ra, texnikumning 3 nafar bitiruvchisi viloyat adliya boshqarmasi tavsiyasiga binoan oliy o‘quv yurtiga kirish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Diplom topshirish marosimi yakunida o‘quv yili davomida samarali faoliyat olib borgan bir guruh pedagog xodimlar, shuningdek, xulqi, a’lo baholarga o‘qishi, jamoat ishlarida faol o‘quvchilar tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA