Ma’lumki, texnikumlarga 9- yoki 11-sinf bitiruvchilari qabul qilinadi. Hujjatlar har yili davlat qabul portali orqali yoki oflayn holda topshiriladi. Bitiruvchilar imtihonlar yoki suhbat asosida qabul qilinishi mumkin. O‘qish tugagach, talabalarga texnikum diplomi beriladi. Diplomda kasb nomi va egallangan malaka ko‘rsatiladi. Keyinchalik ishlash yoki oliy ta’limda tahsilni davom ettirish imkoni bor. Ba’zi texnikumlar byudjet asosida, ba’zilari esa kontrakt asosida o‘qish imkonini beradi. Kontrakt narxlari texnikum va yo‘nalishga qarab farq qiladi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, joriy yilda 9-sinf bitiruvchilarini texnikumlarga qabul qilish muddati 10 avgustga qadar davom etadi.
Qayd etilishicha, Davlat komissiyasining tegishli bayoni bilan umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 2025 yil 9-sinfini bitirgan o‘quvchilarini 519 ta texnikumning birida o‘qitish uchun my.edu.uz elektron platformasi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish 10 avgustga qadar (shu kuni ham) uzaytirildi.
Bitiruvchilar davlat granti asosida kunduzgi yoki dual ta’lim shakllari bo‘yicha o‘qishga qabul qilinadi.
Bundan tashqari, ular 14 ta texnikumda tashkil etiladigan xalqaro ta’lim dasturiga grant asosida o‘qish uchun ham 10 avgustga qadar my.edu.uz platformasi orqali onlayn hujjat topshirishi mumkin.
Ta’lim shakli kunduzgi bo‘lib, platformaga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma yoki ID karta ma’lumotlari, 3x4 hajmdagi fotosurat kiritiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA