Sayxunobod tumanida paxta va g‘alla yig‘im-terimi mavsumida foydalanilgan paxta terish mashinalari hamda don o‘rish kombaynlarini to‘g‘ri saqlovga olish bo‘yicha ko‘rgazmali o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i Abrol Vahobov, Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Saidkarim Nishonbayev, “O‘zagrolizing” AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari, viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Sayxunobod tumani hokimi hamda qishloq xo‘jaligi va agrar ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari ishtirok etishdi. Shuningdek, ta’minotchi korxonalar vakillari, fermerlar va klaster korxonalarining rahbarlari ham seminarda faol qatnashdi.



Mintaqaviy seminarga Sirdaryo, Samarqand, Jizzax va Toshkent viloyatlari hokimlari o‘rinbosarlari, “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat va tuman bo‘limlari rahbarlari hamda sohadagi mutaxassislar ham tashrif buyurishdi.
O‘z chiqishida A. Vahobov paxta terish mashinalari va don o‘rish kombaynlarini “Saqlov qoidalari” asosida to‘g‘ri saqlash, texnik sozligini ta’minlash va keyingi mavsumga sifatli tayyorlash masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi: – Har bir qishloq xo‘jaligi texnikasi katta qiymatga ega va ularni mavsumdan so‘ng belgilangan tartibda saqlovga olish muhim hisoblanadi. Bu nafaqat texnikaning xizmat muddatini uzaytiradi, balki kelgusi mavsumda ish samaradorligini ham oshiradi. Bugungi seminar esa tajriba almashish va amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlash uchun muhim imkoniyatdir.


Seminar davomida texnikalarni saqlovga olish jarayonida nazorat tizimini kuchaytirish, joylarda amaliy yordamni ta’minlash va mutaxassislar malakasini oshirish zarurligi alohida qayd etildi.
O‘quv seminaridan so‘ng ishtirokchilar Sayxunobod tumani Baxmalsoy mahallasida joylashgan “Guliston” klasteri mashina-traktor parkida bo‘lib, paxta terish mashinalari va don o‘rish kombaynlarini saqlovga olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishishdi.
Tashrif davomida texnikalarni profilaktik ta’mirlash, agregatlarni konservatsiya qilish va kelgusi mavsumga puxta tayyorlash ishlari bo‘yicha yaratilgan sharoitlar ko‘rsatildi. Mutaxassislar amaliy tarzda ilg‘or tajribalarni namoyish qilib, mashinalarni sifatli saqlash va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri