Ma’lumki, joriy yil 20 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev “Inno” innovatsion o‘quv-ishlab chiqarish texnoparkiga tashrif buyurib, muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazgan edi. Yig‘ilishda muhandis-kadrlarni tayyorlash tizimidagi ustuvor vazifalar bo‘yicha bir qancha chora-tadbirlar belgilab berildi.
Shundan kelib chiqib, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov boshchiligida muhandislik kadrlarini tayyorlash tizimida mavjud yutuq va kamchiliklarga bag‘ishlangan yig‘ilish tashkil etildi.

– Bugungi kunda respublika yalpi ichki mahsulotlar ishlab chiqarishdagi asosiy ulushni sanoat mahsulotlari tashkil etadi, – deydi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov. – Mamlakat sanoatini rivojlantirishning asosiy omili sohadagi raqobatbardosh kadrlar zaxirasiga ham bog‘liq. Bu kabi kadrlar ilg‘or muhandislik maktablarida shakllanishi mumkin. Bir narsani aytish kerakki, muhandis - kadrlarni tayyorlashda tizimli muammolar mavjud edi. Endilikda ilg‘or muhandislik maktablarida muhandislik sohasida yetuk kadrlarni tayyorlash uchun mashinasozlik, ximiya, to‘qimachilik kabi 10 ta ta’lim yo‘nalishi tanlab olindi. Kelajakda ushbu sohalarda o‘qitish tizimi takomillashtiriladi. Endi mavjud texnikalarga faqat xizmat ko‘rsatib, ularni ta’mirlay oladigan injenerlar emas, balki yangi texnika va texnologiyalarni yarata oladigan injenerlarni tayyorlash kerak. Bu esa o‘z navbatida sanoatni rivojlantirishda, mavjud muammolarni bartaraf etishda muhim tashabbus bo‘ldi. Shuningdek, davlatimiz rahbari bugungi murakkab vaziyatda barcha davlatlar ichki resurslarga tayanib, innovatsiyaga intilayotganini qayd etdi.

Germaniya, Yaponiya kabi rivojlangan davlatlardagi kuchli universitetlarning o‘quv rejalari, fan dasturlari O‘zbekiston oliy ta’lim sohasiga joriy etiladi. Mazkur tajriba asosida kelajakda bakalavriat yo‘nalishida yaxshi o‘qiyotgan iqtidorli yoshlar tanlab olinadi va magistratura yo‘nalishida ular uchun dual ta’lim shaklidagi o‘quv jarayoni tashkil etiladi. Bu tizim bakalavriat yo‘nalishida ham tatbiq etiladi. Talaba hafta davomida uch kun nazariy bilim olsa, uch kun amaliyotda olgan bilimlarini sinovdan o‘tkazadi, o‘z malakasini shakllantiradi.
Shuningdek, muloqot davomida “tarmoq – korxona – oliygoh” zanjiri asosida har bir oliygoh sanoat hamkorini topish va dual ta’limni yo‘lga qo‘yish borasida takliflar muhokama qilindi. 10 ta oliygohda “Oliy muhandislik maktablari” ochiladi. Bunda har bir hududdan muhandislik sohasida ilg‘or oliy ta’lim muassasalari tanlab olingan holda faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Kelgusi yildan texnika yo‘nalishidagi loyihalarga davlat grantlarini 4 karra oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, o‘tgan to‘rt yilda 1 ming 727 ta amaliy, innovatsion, fundamental va startap loyihaga 2,2 trillion so‘m yo‘naltirilgan. Shundan muhandislik-texnika yo‘nalishidagi 176 ta loyihaga 152 milliard so‘m berilgan. Tadqiqot, tajriba-konstruktorlik uchun xarajatlar 2 barobar o‘sgan. Bu mablag‘larning 41 foizi davlat ulushi bor korxonalarga, 34 foizi xususiy sektorga va 25 foizi oliygohlarga to‘g‘ri kelgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA