Mulohaza
Har bir inson qaysidir jihati bilan boshqalardan ajralib turadi. Kimdir aqlbovar qilmas jismoniy mashqlar bajara olsa, yana kimdir uzundan-uzun matnlarni yodlaydigan darajada kuchli xotiraga ega bo‘ladi. Aslida, bularning barchasi iste’dod sanaladi. Shuni aytish kerakki, faqatgina san’at va ijod ahlinigina iste’dodli degan qarashlar unchalik to‘g‘ri emas. Negaki, betakror sur’at chizadigan rassom futbol maydonida 30 daqiqa to‘p tepa olmasligi mumkin. Har ikkisida ham aslida aynan mehnat va iste’dod uyg‘un. Futbolchida ham, rassomda ham. Favqulodda kuchli va tezkor bo‘lgan inson xotirasi ham iste’dod va mashaqqatli mehnat mahsuli.
Taassufki, bugungi kunda ana shunday kuchli xotiraga ega kishilar kamayib bormoqda. Har bir taraqqiyotdan ko‘zlangan maqsad shubhasiz insonga qulaylikdan iborat. Ammo texnik imkoniyatlarning kengaygani, ma’lumotlar manbasi o‘z qo‘limizda ekani xotiraning ham susayishiga olib kelmoqda. Telefon, kompyuter kabi qurilmalarga butunlay tayanib qolish oqibatida kundalik turmushdagi ba’zi ilmlarni ham unutib qo‘yayotganimiz achinarli.
– Bundan 15- 20 yil burun istalgan kishini ko‘chada to‘xtatib, she’r so‘rasangiz, deyarli hamma aytib bera olardi. Bugungi kunda esa hatto shoirlarning aksari ham telefonga qarab she’r o‘qib beradi, – deydi Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi 40-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi, shoir Bahrillo Berdiyev. – Masalani bejiz she’rga bog‘lamadim. Chunki xotirani mustahkamlash, tafakkurni kengaytirishning eng yaxshi yechimi bu she’r yodlashdir. Shuning uchun o‘quvchilar o‘rtasida kitobxonlik bilan birga she’rxonlikni ham yuksaltirish shart deb o‘ylayman. Ayniqsa, bahribayt o‘yinini ommaviy tarzda kuchaytirib, shunga yarasha rag‘bat masalalarini ham tashkil etsak, kelajak avlodning tabiiy xotirasini saqlab qolishga muvofiq bo‘lamiz. Bu ketishda sun’iy intellektga butunlay bog‘lanib qolsak, bizning ham robotdan farqimiz qolmaydi.
Xulosa qilib aytganda, insonning o‘zligini ifodalovchi eng muhim omil uning ma’naviyatidir. Ayniqsa, o‘zining betakror xotirasi va tafakkuri bilan dong taratgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi ulug‘ zotlarning zurriyotlari ularga munosib avlod bo‘lmog‘i lozim.
Shundagina davlatimiz rahbari ta’kidlayotgan Uchinchi Renessans davrini qurmog‘imiz mumkin.
Sherbek Islomov, O‘zA