Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Texnika dehqonning kuchiga kuch qoʻshadi
20:58 / 2020-01-21

Mamlakatimiz qishloq xoʻjaligida paxta va gʻallaning kattagina qismi Qashqadaryo viloyatida yetishtiriladi.


Mamlakatimiz qishloq xoʻjaligida paxta va gʻallaning kattagina qismi Qashqadaryo viloyatida yetishtiriladi. Ammo keyingi bir necha yil ichida vohada mazkur ekinlarning pishib yetilishi kechikayotgan, natijada xirmon salmogʻi ham koʻzlanganidan pastroq boʻlayotgandi.

Buning asosiy sababi ob-havoning noqulay kelayotganida ham boʻlishi mumkin. Shuningdek, bu oʻrinda qishloq xoʻjaligi texnikalarining yetishmasligi, borlarining ham salmoqli qismi eskirganini taʼkidlash oʻrinli. Oʻtkazilgan tahlillar shuni koʻrsatdiki, viloyatda ekinlarni oʻz vaqtida ekish, obi-tobida ishlov berish va parvarishlash hamda hosilni nes-nobud qilmasdan yigʻishtirib olish uchun 21 ming 894 qishloq xoʻjaligi texnikasi talab qilinadi.

Fermerlar xoʻjaliklari, klasterlar va xizmat koʻrsatish korxonalari balansidagi mavjud texnikalar soni esa 16 ming 542 tani, yaʼni talabdagidan ancha kamni tashkil etadi. Borlarining ham 15 mingtadan koʻprogʻi allaqachon ekspluatatsiya muddatini oʻtab boʻlgan. Yoki viloyatdagi paxta va gʻallachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklari misolida olib qaraydigan boʻlsak, ularning qishloq xoʻjaligi texnikalari va mexanizmlari bilan taʼminlanganlik darajasi koʻrsatkichlari nihoyatda past ekaniga guvoh boʻlasiz. Haydov traktorlari va omochining bor-yoʻgʻi 8 foizi, chigit ekish seyalkalarining 23 foizi, OVXning 6 foizi, chuqur yumshatkichlarning 14 foizi, kultivatorlarning 65 foizigina ular ixtiyorida edi, xolos. Shuning uchun ham yer haydash ishlari kechikkan, ekish belgilangan muddatidan orqada qolgan, oʻz-oʻzidan oziqlantirish, ishlov berish va yigʻim-terim ortga surilgan.

– Bu kabi muammolarni bartaraf etish maqsadida mavjud texnikalarni qisqa fursatda shay holatga keltirish va zamonaviy, bir emas, bir nechta agrotexnik tadbirlarni sifatli oʻtkazishga moʻljallangan texnikalar xarid qilish belgilab olindi, – deydi viloyat “Agroservis MTP” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Fayzullo Gʻulomov. – Unga koʻra, joriy yilda 227 yuqori va oʻrta unumli haydov hamda 457 chopiq traktori, 250 gʻalla oʻrish kombayni, 250 paxta terish mashinasi, 417 kultivator, 105 maxsus yer tekislagich, 1152 uch va undan ortiq korpusli aylanma omoch, 38 tirkama, 184 koʻp vazifali pnevmatik va mexanik seyalka, 161 ekinni bargidan oziqlantirish mexanizmlari va 670 boshqa turdagi uskunalar, jami 2721 yoki qariyb 958 milliard soʻmlik qishloq xoʻjaligi texnikasi xarid qilinadigan boʻldi. Eng muhimi, mazkur texnikalar fevral oyining oxirigacha viloyatga keltirilishi belgilandi. Chunki bu hosilga hosil qoʻshishga xizmat qiladigan bahorgi agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Quvonarlisi shundaki, 2020-yilning dastlabki 20 kuni ichida xarid qilinishi koʻzda tutilgan texnikalarning 380 dan ortigʻi olib kelindi. Bunda, ayniqsa, qishloq xoʻjaligida yerni shudgorlashdan tortib, ekish, parvarishlash va xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan jarayondagi koʻp bosqichli kompleks tizimni oʻz ichiga oladigan klasterlarga bildirilgan ishonch muhim ahamiyat kasb etdi.

Xususan, viloyatdagi 35 ming 650 gektar maydonda paxta yetishtirish ishonib topshirilgan “Indorama agro” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan xarid qilingan texnikalar kamxarjligi, koʻp funksiyaliligi va iqtisodiy samaradorligi jihatidan avvalgilaridan butunlay farq qiladi. Uch va undan ortiq korpusli aylanma omochlar bilan jihozlangan haydov traktorlari hosildor qatlamga koʻngildagidek ishlov berilib, havo almashinuvi yaxshilanishini taʼminlasa, aniq ekish seyalkalari yordamida urugʻlik sarfi 2-3 barobarga kamayadi. Bundan tashqari, mazkur seyalkalar bilan urugʻ qadalgan maydonlarda yaganalash ishlari talab qilinmaydi.

Muborak va Kasbi tumanlaridagi 9 ming gektar paxta maydonini olgan “Amir teks” va Qamashi, Yakkabogʻ, Shahrisabz tumanlaridagi 22 ming gektar yerga ega “Oqsaroy tekstil” paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan xarid qilingan texnikalar haqida ham xuddi shunday fikr bildirish mumkin. Ularda ham haydovchi va operatorlar uchun maksimal darajada qulayliklar yaratilgan. Traktorlar salonlarida yilning istalgan ob-havo sharoitida emin-erkin ishlash imkoniyati mavjud. Mexanizatorlar sira qiynalmaydi. Dori sepadigan texnikalar ham juda samarador. Bir kunda 200-250 gektar maydonga kimyoviy vositalarni sepa oladi. Yangi haydov va chopiq traktorlari hamda boshqa qishloq xoʻjalik texnikalari 5 yillik kafolat muddati bilan xarid qilingani ehtiyot qismlar uchun qilinadigan xarajatlarning oldini oladi.

Bundan tashqari, viloyatda avvaldan mavjud boʻlgan texnikalarni sifatli taʼmirlash ishlariga ham bu yil har yilgidan ertaroq kirishildi. Misol uchun, Kasbi va Koson agroservis korxonalarida bahorgi agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishga moʻljallangan barcha texnika va mexanizmlar allaqachon mavsumga taxt holatga keltirib qoʻyilgan. Ayni paytda esa qishning qirovli kunlariga qaramay mavjud gʻalla oʻrish kombaynlarini sozlash ishlari jadallik bilan davom ettirilmoqda.

Shu oʻrinda alohida qayd etish oʻrinliki, dehqonning qanoti boʻlgan texnikalarning muddatidan avval shay holatga keltirilishi viloyatda qishloq xoʻjaligi ishlarining ham 15-20 kunga oldinga siljishi uchun zamin yaratdi. Natijada paxta ekish rejalashtirilgan 135 ming 900 gektar maydon toʻliq shudgorlanib, bir qismiga pushta olib ham boʻlindi. Boz ustiga tabiat ham saxovat koʻrsatib, pushtalarning salmoqli qismiga qor tushdi. Dehqonlar taʼbiri bilan aytganda, “Qor tushdi, pushtaga qon kirdi, qon kirdi – jon kirdi”.

– Joriy yilda shudgorlash ishlarining har yilgidan 15-20 kun ilgari amalga oshirilgani boshqa agrotexnik tadbirlarni oʻtkazishda ham muhim ahamiyat kasb etdi, – deydi viloyat qishloq xoʻjaligi boshqarmasi boʻlim boshligʻi Bahodir Iskandarov. – Joriy yilda 135 ming 900 gektar maydonda chigit ekishni moʻljallayapmiz. Viloyatimizda faoliyat yuritayotgan 9 ta klaster xoʻjaliklarining barchasi bilan oʻtgan yilda fermer xoʻjaliklarining 50 foizi bilan shartnoma asosida paxta ekkan boʻlsa, joriy yilda viloyatdagi mavjud gʻoʻza parvarishlanadigan maydonlarning barchasiga klaster xoʻjaliklari bilan shartnoma asosida chigit ekiladi. Hozirgi kunga qadar paxta yetishtiriladigan maydonlarning 24 ming gektarida tekislash, 17 ming gektarida pushta olish ishlari bajarildi. Boisi bu tadbirlar qancha erta yakunlansa, chigit ekib, undirib olish ishlari shuncha oldinga siljiydi.

Qishloq xoʻjaligi ishlarining oldinga siljishi gʻalla maydonlariga ham oʻz kuchini koʻrsatdi. Joriy yilgi hosil uchun oʻtgan yilda viloyat boʻyicha 141 ming gektardan ortiq maydonga baraka urugʻi sepildi. Bugun toʻliq tuplab, tinuvga kirgan gʻallazorlardagi qor aralash yashillik koʻzni quvnatadi. Misol uchun, Yakkabogʻ tumanidagi “Sulton Jaloliddin Manguberdi” fermer xoʻjaligiga qarashli 29 gektar maydonda gʻalla baravj rivojlanmoqda. Fermer Norqul Nortoshev hosil choʻgʻi oʻtgan yillardagidan ham ziyoda boʻlishini koʻzlab turibdi.

– Oʻtgan yilning oktyabr oyida ekkan gʻallamiz hozir tuplash fazasida, – deydi Norqul Nortoshev. – Bugʻdoyning “Bunyodkor R1” navidan ekkanmiz. Oldingi yil ham shu navdan ekib gektaridan 60 sentnerdan hosil olganmiz. Joriy yilda ham yuqori hosil olish uchun barcha agrotexnik tadbirlarni vaqtida bajarayapmiz. Masalan, ekishdan oldin gektariga 250-300 kilogrammdan ammofos soldik. Gʻallani birinchi oziqlantirish jarayonida 100 kilogrammdan ammiakli selitra sepdik. Ikkinchi oziqlantirishda ham 100 kilogrammdan selitra soldik. Gektariga 4-5 tonnadan mahalliy oʻgʻit chiqarganmiz. Bu yil ob-havo ham qarashayapti. Hozirga qadar ikki-uch marta qor yogʻdi. Bu ham gʻallaning baravj oʻsishiga katta yordam beradi. Xullas rejalar koʻp. Hosil qanchalik koʻp boʻlsa, manfaatdorlik shuncha yuqori boʻladi.

Gʻallaning tinuv davridan unumli foydalanishni maqsad qilgan qishloq xoʻjaligi xodimlari ariqlarni, suv yoʻllarini tozalash, dalaga mahalliy oʻgʻit chiqarish ishlariga astoydil kirishgan. Chunki bu tadbirlar ham ertangi hosil moʻl boʻlishida muhim ahamiyatga ega.

Eng muhimi, viloyatda koʻp bosqichli qishloq xoʻjaligi ishlari muayyan tizimga tushmoqda. Bu, hech shubhasiz, barcha agrotexnik tadbirlarni vaqtida bajarish, moʻl hosil yetishtirish va hosilni vaqtida yigʻishtirib olish imkonini beradi. Buning ortida esa yurt farovonligini yuksaltirish, aholi turmush darajasini yanada yaxshilash kabi ezgu maqsadlar mujassam.