FOTOREPORTAJ
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugda eng mas’uliyatli tadbirlardan biri – qurol-yarog‘ va harbiy texnikalarni yozgi mavsumda foydalanish rejimiga o‘tkazishdan oldin ko‘rgazmali mashg‘ulot tashkil etildi.
Shu munosabat bilan “Termiz” umumqo‘shin dala poligonida o‘tgan tadbirda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi qo‘mondonlik mas’ul ofitserlari hamda Termiz, Kakaydi va Xayrobod garnizonlarida joylashgan harbiy qism va muassasalar texnik ta’minot ofitser va serjantlari ishtirok etdi.
[gallery-22743]
Tadbirda harbiy texnika va qurol-aslahalarning jangovar shayligini ta’minlash, ularni soz holatda saqlashda ko‘rsatilayotgan texnik xizmatlarning ahamiyati ta’kidlandi. Har bir komandir, har bir harbiy xizmatchi o‘ziga biriktirilgan qurol-yarog‘ va harbiy texnikaning soz va shayligi uchun mas’ul ekanligi eslatildi. Jangovar mashina, tank, zirhli transportyor, zenit-artilleriya qurilmalari, maxsus texnika, qurol-yarog‘ va boshqa texnikalarni yozgi sharoitda foydalanish rejimiga o‘tkazish ishlarining mohiyati, texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilish, tashkil etilgan postlarda samarali va sifatli ish olib borish, qurol-yarog‘ va texnikani ob-havoning harorati yuqori sharoitlarda ishlatish qoidalari, jarohatlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha mutaxassislar tomonidan yo‘riqnomalar berildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida qurol-aslaha va harbiy texnikalarni mavsumiy foydalanish rejimlariga o‘tkazish yiliga ikki marotaba – bahor va kuzda tashkil etiladi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA