Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Texnik ta’lim yo‘nalishidagi kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj ortmoqda
10:45 / 2021-12-10

So‘nggi yillarda mamlakatimizda oliy ta’lim sohasida texnika va matematika ta’lim yo‘nalishlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda sohalardagi integratsiyalashuv jarayonining jadal kechishi texnik ta’lim yo‘nalishidagi kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni har qachongidan ham oshirmoqda.

Ayni shu o‘rinda, “Xalqaro rivojlantirish assotsiatsiyasi ishtirokida oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash” loyihasi doirasida “Radisson Blue” mehmonxonasida “O‘zbekistonda texnik ta’limning rivojlanishi” mavzusida milliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Raximjon Hakimov kirish so‘zi bilan ochib berar ekan, keyingi yillarda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda oliy ta’lim tizimini modernizatsiya qilishga, oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari kasbiy mahoratining mehnat bozori talablariga mos kelishini yaxshilashga qaratilgan bir qator loyihaviy tadbirlar amalga oshirib kelinayotgani, xususan, Jahon banki ishtirokidagi “Oliy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida aholi bilan ishlash va oliy ta’limni ommalashtirish borasida keng ko‘lamli amaliy ishlar olib borilayotganini ta’kidladi.

Seminar davomida, shuningdek, tadqiqot natijalari to‘g‘risida oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va sanoat korxonalari xodimlarining xabardorligini oshirish, ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etishning mavjud tizimini muhokama qilish, ushbu tizimni takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish, taklif va shikoyatlarni qabul qilish mexanizmini takomillashtirish uchun tavsiyalar olish bo‘yicha qizg‘in muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

Ishtirokchilar mamlakatimizda STEM (science, technology, engineering and mathematics) texnologiya, muhandislik va matematika yo‘nalishlarida (ITMM) ta’lim berish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilayotganini bildirishdi. Bunda, qizlarni ommaviy tarzda ilm-fan, texnoloiya, muhandislik va matematika yo‘nalishlariga jalb qilish eng asosiy vazifalardani biri ekanligi alohida ta’kidlandi.

– Yuqori sinf o‘quvchilari va talabalarni oliy o‘quv yurtlarining texnologiya, muhandislik va matematika yo‘nalishlariga jalb qilishdagi asosiy muammolardan biri, bu barqaror gender tengsizligi bo‘lib, bu qizlarning ushbu yo‘nalishlarni kam holatlarda tanlashiga va uni tark etishiga sabab bo‘lmoqda, – dedi R.Hakimov.

Jahon banki mablag‘lari hisobidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi buyurtmasiga asosan “Al Mar Consalting” kompaniyasi tomonidan o‘tgan bir yil davomida ITMM yo‘nalishiga o‘qishga kirishdagi mavjud muammolar ota-onalar, o‘quvchilar, maktablar va keng jamoatchilik o‘rtasida o‘rganilgani hamda bu muammolarning yechimi yuzasidan takliflar tayyorlangani ma’lum qilindi.

Shu o‘rinda Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Jumladan, Oliy ta’limni boshqarishning axborotlashtirilgan tizimi (HEMIS) ishga tushirildi. Ushbu ishlarga loyiha doirasida jami 2,3 million dollar kredit mablag‘lari yo‘naltirildi hamda 78 ta oliy ta’lim muassasalari va oliy ta’lim tizimini boshqarish instansiyalariga 80 dona zamonaviy server qurilmalari o‘rnatildi.

Tizim ma’lumotlarni jamlash va ishlov berish, statistik ma’lumotlarni shakllantirish, oliy ta’lim sohasi reyestrlari va klassifikatorlarini yuritish hamda administrativ, akademik, ilmiy va moliyaviy hisobotlarni shakllantirish vazifasini bajaradi.

HEMIS tizimining ishga tushirilishi hozirgi kunda butun dunyo iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan va ko‘rsatayotgan SOVID-19 pandemiyasi sababli sanitariya-epidemiologik cheklovlar vaqtida oliy ta’lim tizimidagi masofaviy ta’limni sifatli yo‘lga qo‘yish, o‘qishdan o‘qishga ko‘chirishga hujjat topshirish, QR-kod diplomlarini shakllantirish, oliy ta’lim muassasalari va vazirlik o‘rtasida axborot almashish kabi zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun ham juda qulay sharoitlar yaratdi.

Shu bilan birga, 100 dan ortiq o‘quv laboratoriya jamlanmalari xarid qilindi, ya’ni 40 ta OTMga 36 yo‘nalish bo‘yicha o‘quv laboratoriyalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Dunyoda yetakchi bo‘lgan ishlab chiqaruvchilarning jihozlaridan iborat ushbu o‘quv laboratoriyalari uchun Jahon banki tomonidan 17,6 million dollar kredit mablag‘i yo‘naltirildi.
Zamonaviy muassasalararo ilmiy labaratoriyalar yaratish uchun vazirlik va xalqaro tender savdolari natijasida tanlab olingan xorijiy ilg‘or tashkilotlar bilan umumiy miqdori 11 million dollar qiymatida bo‘lgan 6 ta shartnoma imzolandi. Yaqin kunlarda yana zamonaviy muassasalararo ilmiy tadqiqot laboratoriyalari (Toshkent kimyo-texnologiyalari instituti) bo‘yicha dekabr oyida qayta xalqaro tender savdolari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Niderlandiyaning “Elsevier” kompaniyasi bilan 1 million dollar qiymatida shartnoma imzolandi. Shartnomaga ko‘ra, barcha oliy ta’lim muassasalari “Scopus, Science direct” kabi xalqaro ilmiy elektron bazasidan foydalanishi ta’minlandi.

Hozirgi kunga qadar 100 dan ortiq OTMda foydalanuvchilar 10 mingdan ortiq onlayn kitoblardan va 750 mingdan ortiq onlayn jurnallardan foydalanib kelishmoqda. Tez orada yuqorida qayd etib utilgan HEMIS tizimi asosida elektron kutubxona uchun elektron tizim yaratilishi rejalashtirilgan.

Ta’lim sifatini ta’minlash tizimini takomillashtirish maqsadida Birlashgan Arab Amirliklarining “Shbeemann” konsalting kompaniyasi bilan 1,2 million dollarlik 3 yilga mo‘ljallangan shartnoma imzolandi. Shartnomadan kutilgan asosiy maqsad ichki ta’lim sifatini ta’minlash hamda tashqi ta’lim sifatini nazorat qilishni takomillashtirishga qaratilgan. Ushbu shartnoma natijasida 9 ta OTM 8 ta moduldan iborat bo‘lgan mexanizm orqali xalqaro sifat reytingida yuqori o‘rinlarni egallashi kutilmoqda.

Akademik innovatsiyalar fondi bo‘yicha barcha tanlov bosqichlari amalga oshirilgan. Natijaga ko‘ra, 27 OTM bilan 32 loyiha bo‘yicha jami 4 million dollar miqdorida shartnomalar imzolandi va shundan 3,5 million dollar miqdorida mablag‘lar moliyalashtirildi. Xozirgi kungacha ushbu fond doirasida 65 dan ortiq xorijiy oliy ta’lim va ilmiy markazlar bilan hamkorlik o‘rnatildi, 70 nafarga yaqin professor o‘qituvchilar hamkor xorijiy oliy o‘quv yurtlarida malaka oshirish ishlari yo‘lga qo‘yildi.

Tadbirda ishtirok etgan kompaniyalar vakillari tomonidan OTM texnik sohalarda oliy ma’lumotni targ‘ib qilish bo‘yicha va sanoat bilan hamkorlik haqida tavsiyalar berildi, ayniqsa, ayollar uchun oliy ta’lim muassasalariga kirishni kengaytirish variantlari keng muhokamada bo‘ldi. bugungi seminar aynan mana shu o‘tkzilgan so‘rovlar, mavjud muammolar va ularning yechimlariga bag‘ishlandi.

Fayzullo Yahyoyev, 
O‘zA