Ma’lumki, elektr energiyasi ta’minoti loyihalarini samarali tashkil etish, ularni belgilangan texnik talablar asosida amalga oshirish davlat xizmatlarini sifatli va uzluksiz ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu sababli, bu jarayonda ekspertiza, loyihalash, qurilish-montaj ishlari va elektr tarmoqlariga ulash kabi bosqichlar tartibli va muvofiqlashtirilgan holda bajarilishi talab etiladi.
Xo‘sh, bugungi kunda sohada olib borilayotgan ishlar qanday natija beryapti? Mazkur savolga “O‘zenergoinspeksiya” boshqarma boshlig‘i Jamshid Inatov quyidagicha javob berdi:
– Shuni alohida ta’kidlashni istar edimki, texnik shartlarsiz elektr ta’minotini loyihalashtirish, shu asosda qurilish va montaj ishlarini amalga oshirish hamda elektr tarmoqlariga ulash amaliyoti qat’iyan taqiqlanadi.
O‘z navbatida, texnik shartlarning to‘liq bajarilishi barcha iste’molchilar, loyihalash tashkilotlari, qurilish-montaj hamda ishga tushirish-sozlash xizmatlari uchun majburiy hisoblanadi.
Joriy yilning shu vaqtiga qadar qilingan ishlarni sarhisob qiladigan bo‘lsak, “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan fuqarolar va tadbirkorlarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish doirasida jami 3 355 ta ob’ektning elektr ta’minoti loyihalari ekspertizadan o‘tkazildi.
Ushbu loyihalar asosida 2 132 ta iste’molchining elektr qurilmalari mavjud elektr tarmoqlariga ulandi. Shuningdek, 323 ta energetika ob’ektining elektr ta’minoti loyihalari tegishli tartibda kelishilib, ulardan 24 tasi bo‘yicha qurilmalarning ishga tayyorligi to‘g‘risida xulosalar berildi.
Bu ishlar qanday natija beradi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Albatta, mazkur jarayon energetika tizimining barqaror faoliyat yuritishi, noqonuniy holatlarning oldini olish hamda barcha tashkilotlar mas’uliyatini oshirishda amaliy ahamiyat kasb etadi. Shu sababli, inspeksiya bu borada nazorat tadbirlarini muntazam tashkil etib kelmoqda.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA