English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Texnik ko‘rik xavfsizlik kafolati
14:33 / 2023-03-25

Gaz jihozlarining soz holatda bo‘lishi iste’molchi uchun xavfsiz va qulay hisoblanadi. Bu esa o‘z navbatida har bir fuqaro xonadonidagi gaz uskunalarining texnik ko‘rikdan o‘tkazib turishi lozimligini taqozo etadi.

Hozirda “Navoiyshahargaz” gaz ta’minoti bo‘limi uy ichi gaz jihozlariga servis xizmat ko‘rsatish bo‘limi xodimlari tomonidan gaz jihozlari texnik va profilaktik ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Navoiy shahrida bugungi kunda 50 ming 111 ta tabiiy gaz iste’molchisi bor. Ularning 10,5 mingtasi hovli xonadonlariga to‘g‘ri kelsa, 39 ming 611 tasi ko‘p qavatli uylarda yashovchi iste’molchilardir. Ayni paytda gaz ta’minoti bo‘limining 20 nafar chilangari tomonidan aholi hamda ulgurji iste’molchilar gaz jihozlari texnik ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Birgina fevral oyida 6 ming 335 ta gaz jihozlari texnik va profilaktik ko‘rikdan o‘tkazildi.  

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, gaz jihozlari yiliga bir marta texnik, 3 marta profilaktik ko‘rikdan o‘tkazilishi lozim. Shaharning “Yangi ariq” mahalla fuqarolar yig‘inida 810 nafar tabiiy gaz iste’molchisi istiqomat qiladi. Joriy yilning o‘tgan ikki oyi mobaynida xonadonlardagi 548 ta gaz jihozlariga servis xizmat ko‘rsatildi.  

– Xonadonlarga o‘rnatilgan gaz jihoz va uskunalaridan foydalanish iste’molchilardan doimiy diqqat-e’tiborni talab qiladi, – deydi mahallada istiqomat qiluvchi iste’molchilardan biri Sharif Mahmudov. – Albatta, nosoz va texnik ko‘rikdan o‘tkazilmagan gaz uskunalaridan foydalanish yashab turgan xonadon hamda uylarni, shuningdek, oila a’zolarimiz, yaqinlarimizning hayotini xavf ostiga qo‘yish degani. Texnik ko‘rik bu xavfsizligimiz kafolati. Shuning uchun doimiy ravishda mavjud gaz jihoz va uskunalarni texnik ko‘rikdan o‘tkazishga e’tibor qarataman.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarorida tabiiy gazdan foydalanish qoidalari keltirib o‘tilgan. Uning 13-bob “k” bandida gazdan foydalanish uskunalarini iste’molchilarning yozma yoki elektron buyurtmalari asosida gaz ta’minoti tashkiloti tomonidan tasdiqlangan tariflar bo‘yicha ta’mirlash muddatlari bayon qilingan. Ya’ni xizmat ko‘rsatish muddati holatning xavflilik darajasiga qarab belgilanadi. Agar iste’molchi xonadonida tabiiy gaz sizib chiqish holati kuzatilsa, soha xodimi darhol borib xizmat ko‘rsatishi shart. Qolgan holatlarda esa xizmat muddatlari 2 kundan 5 kunga qadar etib belgilangan.

– Servis xizmatlari shahar, tuman gaz ta’minoti bo‘limlarida ham mavjud, – deydi “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali matbuot kotibi Zulfiya Boboyeva. – Texnik va profilaktik ko‘rikda shaffoflikni ta’minlash maqsadida chilangarlarimiz tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar haqidagi ma’lumotlar “HGT Servis” dasturiga kiritilishi yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu dasturga ko‘rsatilgan xizmat kiritilgach, xizmat haqi avtomatik hisob-kitob qilinadi. Bu iste’molchilarga ham ma’qul bo‘lmoqda.  

– Texnik va profilaktik ko‘riklar davomida aholiga gazdan xavfsiz foydalanish qoidalari ham tushuntirib o‘tilmoqda, – deydi “Navoiyshahargaz” gaz ta’minoti bo‘limi uy ichi gaz jihozlariga servis xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i Sohib Aslonov. – Chilangarlarimiz tomonidan texnik va profilaktik ko‘rik davomida xonadon egalariga eslatma hamda ogohlantirish xatlari topshirilyapti. Bundan tashqari, servis xizmati ko‘rsatganlik uchun elektron to‘lov dasturi joriy etilgan. Bu ishonchli hamda qulayligi bilan fuqarolarga manzur bo‘lmoqda.  

Viloyatning barcha hududlarida tuman va shaharlar gaz ta’minoti filiali bo‘limlari tomonidan iste’molchilarga servis xizmatlari ko‘rsatish davom etmoqda.  

A.Bo‘riyev, O‘zA