Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Texnik kannabis tarkibida giyohvand vositasi mavjudmi, uni iqtisodiy maqsadlarda yetishtirish xavflimi?
19:02 / 2021-02-23

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda ushbu savolga atroflicha javob berildi.

– Texnik kannabis tarkibida 0,2 foizgacha miqdorda tetragidrokannabinol giyohvandlik moddasi mavjud, – dedi Qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi, vazirlik matbuot kotibi Nigora Xo‘jayeva. – Xovos tumanida ekilgan nav Fransiyadan keltirilgan bo‘lib, uning tarkibida giyohvand juda kam miqdorni tashkil etadi. Bu esa tirik organizmga hech qanday narkotik ta’sir ko‘rsatmaydi. Shu boisdan O‘zbekistonda yetishtiriladigan texnik kannabis o‘simligining tarkibidagi moddalar inson organizmiga umuman salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi. Mamlakatimizda tarkibida 0,2 foizgacha miqdorda tetragidrokannabinol giyohvandlik moddasi mavjud texnik kannabis o‘simligini sanoat maqsadlarida yetishtirishga ruxsat berildi. Bu ko‘rsatkich Xitoy va Chexiyada 0,3 foizgacha, Italiya, Vengriya, Shvetsiya, Belgiyada 0,2 foizgacha, Rossiya Federatsiyasida 0,1 foizgachani tashkil etadi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Birlashgan Arab Amirliklarining “Industrial Innovation Group LLC” kompaniyasi o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq, 181,9 million yevro miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobiga Sirdaryo viloyatida tarkibida sellyuloza mavjud bo‘lgan texnik kannabis, zig‘ir va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish, xomashyoni qayta ishlash orqali raqobatbardosh, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni nazarda tutuvchi loyiha amalga oshirilmoqda.

Texnik kannabis iqtisodiy va ekologik jihatdan yurtimiz iqlimiga mos o‘simlik hisoblanib, uning o‘ziga xos jihatlari mavjud. Jumladan, kannabis eng tez o‘suvchi ekinlardan biri bo‘lib, paxta bilan solishtirganda 1 gektardan 4 barobar ko‘p sellyuloz olinadi. O‘simlikka qishloq xo‘jaligi kimyoviy preparatlari nisbatan kamroq ishlatiladi hamda suvni ancha kam talab qiladi, atrof-muhitni ifloslanishlardan tozalash imkonini beradi. Aylanmadan chiqib qolgan yerlarni tiklash uchun tuproqdan kadimiy va boshqa zaharli moddalarni chiqarib olishda nihoyatda foydali bo‘lib, 110 kun ichida o‘simlik 2-3 metrga yetadi va bu bir mavsumda bir nechta hosil olish imkonini beradi. 40 dan ortiq davlatlarda texnik kannabisdan sanoat maqsadlarida foydalanib kelinmoqda.

Texnik kannabis yetishtirish bilan kimlar shug‘ullanishi mumkin, uning tartibi qanday? Brifingda ushbu savolga ham javob berildi. Ta’kidlanganidek, litsenziyalangan yuridik shaxslar texnik kannabis yetishtirish, uni sanoat asosida qayta ishlash, sotish va boshqalar bilan bog‘liq faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi mumkin. Litsenziyalar Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan beriladi.

O‘zbekistonda texnik kannabis bilan bog‘liq ayrim faoliyat turlari bilan shug‘ullanish maqsadida litsenziyalar olish uchun to‘lanadigan bojlar miqdori tasdiqlangan. O‘simlikni yetishtirish uchun 3 ming bazaviy hisoblash miqdori, import, eksport, qayta ishlash, saqlash, sotish, sotib olish va tashish, bularning har biri uchun 200 bazaviy hisoblash miqdoriga to‘g‘ri keladi.

Shahnoza MAMATUROPOVA, O‘zA