O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi mutasaddilari Surxondaryo viloyatidagi ishlab chiqarish korxonalarida bo‘lib, tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari F.Samatov viloyatda isitish qozonlari ishlab chiqarayotgan “Teplo montaj vostok”, parrandalar uchun vitaminlashtirilgan ozuqa yemi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan “Afrosiyob parranda”, keramik plitka mahsuloti ishlab chiqarayotgan “Surxon keramiks” hamda chinni buyumlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan “Surxon chinni” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari faoliyati bilan tanishdi.

Uchrashuvlarda korxonalarning ishlab chiqarish quvvati va laboratoriya imkoniyatlari o‘rganilib, mahsulot sifatini oshirish, bozordagi raqobatbardoshligini ta’minlash masalalari muhokama etildi. Mahsulotlar sifatini yanada oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi. Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasidagi yangi hujjatlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Zamonaviy sanoatni rivojlantirib, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish davlatimiz belgilab olgan muhim vazifalardan biriga aylangan keyingi yillarda sanoat korxonalari iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, ish o‘rinlarini saqlab qolish va yangilarini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda sanoat korxonalarining uzluksiz ishlashi uchun texnik jihatdan tartibga solish, muvofiqlikni baholash va metrologiya sohalariga oid muammo va kamchiliklar o‘rganilib, ishlab chiqaruvchilarga amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Jumladan, Texnik jihatdan tartibga solish agentligining texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi Surxondaryo viloyat bo‘limi xodimlari ham bu borada muayyan ishlarni amalga oshirmoqda.

Prezidentimizning 2024 yil 29 fevraldagi “Texnik jihatdan tartibga solish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni va “O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida joriy yilning sakkiz oyida vohadagi 450 ta korxonada sohaga oid qonunbuzilishlarning oldini olish va tegishli tushunchalar berish yuzasidan profilaktik tadbirlar tashkil etildi. Masalan, viloyatda profilaktik tadbirlar o‘tkazilgan qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida 38 ta korxona ishlab chiqarayotgan mahsuloti va faoliyatiga oid me’yoriy hujjatlar bilan ta’minlandi. 86 ta tadbirkorlik sub’ektlarida foydalanilayotgan 179 ta o‘lchash vositasini davlat qiyoslash ko‘rigidan o‘tkazishga ko‘maklashilib, sohaga oid boshqa konsultativ yordamlar ko‘rsatildi.

O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi mutasaddilarining viloyatda ishlab chiqarilayotgan mahalliy mahsulotlarga xalqaro standartlar va texnik reglamentlarni joriy etish orqali ularning zamonaviy talablarga muvofiqligini ta’minlash, tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini yanada oshirish bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektlari bilan tanishuvi, ochiq muloqot va boshqa tadbirlari davom etmoqda.

Nilufar Bozorova, O‘zA muxbiri