Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Texnik chigitni qayta ishlashga ixtisoslashgan 303 ta yog‘-moy korxonasining 226 tasi talabga javob bermaydi
18:09 / 2021-08-26

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zyog‘moysanoat” uyushmasi boshqaruv raisi o‘rinbosari Kamar Serkayev ishtirokidagi brifingda ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, moyli xom ashyolarni qayta ishlash tartibi o‘tgan yillardagiga qaraganda tubdan farq qiladi. Xom ashyo faqatgina to‘liq texnologik uskunalar bilan jihozlangan korxonalar tomonidan qayta ishlanadi.

Ma’lumki, mamlakat  bo‘yicha bir yilda o‘rtacha 1 million 200 ming tonna texnik paxta chigiti qayta ishlanadi. Paxta moyining boshqa moylardan ajralib turuvchi belgisi bu – uning tarkibida eruvchi pigment, gossipol mavjudligidir. Bu polifenol birikmali moddalar insonlar organizmi uchun zararli hisoblanadi. Shuning uchun ozuqa maqsadida ishlatiladigan paxta moyi, albatta, rafinatsiyalanadi va dezodoratsiyalanadi. Rafinatsiya – bu moyni hamroh moddalardan tozalash, moyning xususiyatlarini va sifatini yaxshilashdan iborat bo‘lgan murakkab texnologik jarayon bo‘lsa, dezodoratsiyalash – paxta moyidan qizdirilgan bug‘ bilan vakuum ostida uchuvchi, hid beruvchi va ta’m beruvchi moddalarni yo‘qotish demakdir. Shuningdek, paxta kunjarasini ekstraksiyalash orqali ushbu mahsulotlar tarkibidagi erkin gossipol to‘liq zararsizlantiriladi.

To‘liq siklda texnik paxta chigitini qayta ishlab olingan rafinatsiyalangan, dezodoratsiyalangan paxta moyi hamda ekstraksiyalash orqali ishlab chiqarilgan paxta sheluxasi va shroti mahsulotlari xavfsiz bo‘lganligi bois iste’molga yo‘naltiriladi.

Texnik chigitni birja savdolari orqali xarid qilish bo‘yicha belgilangan talablar mutasaddi tashkilotlar tomonidan aksariyat holatlarda noto‘g‘ri talqin etilganligi sababli,  ko‘plab oilaviy, xususiy korxonalar hamda faoliyat turi yog‘-moy mahsulotlari ishlab chiqarishdan tubdan farq qiluvchi qurilish, qandolatchilik, savdo korxonalari va fermer xo‘jaliklari birja savdolarida qatnashib, texnik paxta chigitini xarid qilishdi.

Afsuski, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning aksariyati yetarli ishlab chiqarish qurilmalari va texnologlarga ega emas. Bu holat sifat va samaradorlikning birmuncha pasayishiga, yiliga kunjara tarkibida 20-25 ming tonna paxta moyi yo‘qotilishiga olib keladi.  

  “O‘zyog‘moysanoat” uyushmasi, “O‘zstandart” agentligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati mutaxassislaridan iborat ishchi guruhlari tashkil etilib, yog‘-moy korxonalarida nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. bugungi kun holatiga ko‘ra, 514 ta korxonada tekshirishlar yakunlandi. Ushbu yog‘-moy korxonalaridan 303 tasi paxta texnik chigitni, 90 tasi boshqa moyli xom ashyolar, shu jumladan, 39 tasi kungaboqar, 14 tasi zig‘ir, 6 tasi maxsar, 31 tasi boshqa moyli ekin hosilini qayta ishlashi, 93 tasi esa umuman boshqa faoliyat turi bilan shug‘ullanishi, 28 tasi o‘z faoliyatini to‘xtatgani aniqlandi.

Brifingda texnik chigitni qayta ishlashga ixtisoslashgan 303 ta yog‘-moy korxonasining 77 tasi paxta texnik chigitini qayta ishlash uchun belgilangan talablarga muvofiq faoliyat yuritayotgani, 226 ta korxona faoliyati belgilangan talablarga muvofiq emasligi qayd etildi. Jumladan, 35 korxona hech qanday texnologik uskuna bilan jihozlanmagan. Shuningdek, ularning 52 tasida faqat presslash uskunasi mavjudligi, 13 tasida ekstraksiyalash uskunasi yo‘qligi, 126 korxona esa to‘liq texnologik siklga ega emasligi aniqlandi.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilda chigitni qayta ishlash faqatgina xom ashyoni to‘liq qayta ishlash texnologiyalari bilan jihozlangan korxonalar tomonidan amalga oshiriladi. Ularning asosiy qismida ISO 9001 va ISO 22000 xalqaro sifat standartlari joriy etilgan va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar «Yog‘-moy mahsulotlari xavfsizligi to‘g‘risida»gi texnik reglament talablariga to‘liq javob beradi.  

Umuman olganda, yog‘-moy korxonalarining umumiy yillik quvvati 4,3 million tonna moyli urug‘larni qayta ishlash imkonini beradi. Shundan 3,3 million tonnasi paxta chigitini hamda 1 million tonnasi soya va kungaboqar urug‘larini qayta ishlashga mo‘ljallangan.  

Soha korxonalari tomonidan 60 turdagi va 200dan ortiq assortimentdagi yog‘-moy mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Hozir asosiy e’tibor mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish bilan birga uning sifatini yanada yaxshilashdan iboratdir.

Muhayyo  Toshqorayeva, O‘zA