Ayni kunlarda Ishchi guruh tomonidan respublika bo‘ylab oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari o‘tkazilishi belgilangan 73 ta katta sig‘imli binoning tayyorgarlik holati o‘rganilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi Diyorbek Qo‘chqorov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Shohrux Daliyev boshchiligidagi mutasaddilar, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari Buxoro viloyatida test sinovlari tashkil etiladigan 4 ta binoda yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Jumladan, binolarda yong‘in xavfsizligi va uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash choralari ko‘rilgani, zarur vositalar (bir o‘rinli stol-stul, ovoz kuchaytirgich) bilan jihozlangani, ota-onalar va keng jamoatchilik vakillari uchun alohida kutish joylari tashkil etilgani, jarayonlarni onlayn kuzatish uchun yetarli sharoitlar bilan ta’minlangani kabi bir qator tashkiliy ishlar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, test sinovlari yozning eng issiq davriga to‘g‘ri kelayotganini inobatga olib, mas’ullarga abituriyentlarni binoga kiritish joylarida soyabonlar o‘rnatilishini hamda binoning ventilyatsiya va sovitish tizimlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash borasida ko‘rsatmalar berildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA