Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Test sinovlariga 314 abituriyent kelmadi, 2 nafari chetlatildi
11:03 / 2022-08-10

Jizzax viloyatidagi 5 ta oliy ta’lim muassasasining 3 tasiga – Jizzax davlat pedagogika universiteti, Jizzax politexnika instituti va O‘zbekiston Milliy universiteti Jizzax filialiga o‘qishga kirish istagida hujjat topshirgan abituriyentlar uchun test sinovlari Jizzax shahridagi “So‘g‘diyona” markaziy sport majmuasining tabiiy va sun’iy qoplamali futbol maydonlarida bo‘lib o‘tmoqda.

O‘yingohda 3 ta sektorda har bir smenada 2 ming 820 abituriyent uchun joylar tayyorlangan.

Qabul davomida Jizzax viloyatidan jami 66 ming 425 nafar abituriyent oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun ro‘yxatdan o‘tgan.

Bir kunda 5 ming 640 nafar abituriyent test sinovlarida ishtirok etadi. Test sinovlari 12 kun, ya’ni 8-20 avgust kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Test sinovlarining 1-smenasi ertalab soat 7:00 dan 10:00 gacha, 2-smena esa kech soat 19:00 dan 22:00 gacha davom etishi belgilangan.

Hududda 93 dona videokuzatuv qurilmasi, 6 dona 360 gradusga aylanuvchi kamera, 6 ta efirga uzatuvchi kamera hamda 8 dona shaxsni yuzdan tanuvchi kamera o‘rnatilgan, to‘liq xavfsizlik choralari ko‘rilgan.  

[gallery-8237]

Viloyat elektr tarmoqlari AJ tomonidan elektr ta’minotida hech qanday muammo bo‘lmasligi kafolatlandi, elektr ta’minotida muammo tug‘ilib qolgudek bo‘lsa, 6 soatga mo‘ljallangan zaxira elektr quvvati o‘rnatilgan.

Jamoat tartibini saqlash, sog‘liqni saqlash, sanitariya epidemiologik osoyishtalik markazi, elektr ta’minotiga mas’ul xodimlar, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari ishtirokida uzluksiz navbatchilik tashkil qilindi.

Abituriyentlar test sinovlari davomida bosh kiyim (kepka), ichimlik suvi hamda ruchka bilan ta’minlanmoqda.

– Testning birinchi kuni – 8 avgustda 5 ming 640 nafar abituriyent test sinovlarida ishtirok etishi belgilangan edi, shundan 314 kishi test sinovlariga kelmadi, – deydi Davlat test markazining Jizzax viloyati bo‘limi rahbari I.Hotamov. – 2 nafar abituriyent test sinovlariga telefon qurilmasini olib kirganligi va undan test sinovlari jarayonida foydalanganligi sababli jarayonlardan chetlashtirildi.

Ma’lumot uchun, Jizzax shahridagi “Sambhram” universiteti va Qozon Federal universiteti Jizzax filialiga kirish imtihonlari keyinroq, o‘z ichki tartib qoidalari asosida bo‘lib o‘tadi.


A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA