Har bir yoshning hayotida katta ahamiyatga ega bo‘lgan imtihonlardan biri — oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish test sinovlaridir. Bu sinovlar yoshlarga o‘qishga kirish uchun imtiyozlar yaratadi. Istiqboldagi kasblar yo‘lida bir qadam tashlash imkonini beradi.
“Falonchi test sinovlaridan o‘tib, talabalik baxtiga erishibdi” – degan gap nafaqat ilmga bo‘lgan ishtiyoqni, balki yoshlarning o‘z orzu-umidlariga erishish yo‘lidagi ko‘p yillar davomidagi mehnat va izlanishlarini ham anglatadi.
Mamlakatimizda 2025-2026 o‘quv yilida oliy va professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish test sinovlari joriy yilning 14 iyulidan 23 iyuliga qadar bo‘lib o‘tdi. Xorazm viloyatida ham test sinovlari 10 kun davomida ikki smenada belgilangan tartibda o‘tkazildi.
Xo‘sh, mazkur jarayondagi shaffoflik va adolatdan xorazmlik abituriyentlarning ko‘ngli to‘ldimi? Ularga qanday sharoitlar yaratib berildi? Farzandlari taqdirida katta burilish yasaydigan ushbu mas’uliyatli davr haqida ota-onalarning fikri qanday? Sinovlar qayerda va qay tarzda o‘tkazildi? Jarayonlar davomida qanday holatlar kuzatildi? Ushbu savollarga javob topish uchun mutasaddilar, ota-onalar va abituriyentlar fikrini o‘rgandik.
[gallery-24554]
Test sinovlari Urganch tumanidagi Bilim va malakalarni baholash agentligining Xorazm viloyati bo‘limi binosi va Urganch shahridagi “Yoshlik” sport majmuasi manejida o‘tkazildi. Ularda bir vaqtning o‘zida bir yarim mingga yaqin abituriyentlar sig‘dirish imkoniyati yaratildi.
– Sinovlar jarayonida xavfsizlikni ta’minlash va hech qanday xatoga yo‘l qo‘ymaslik uchun muhim tadbirlar ko‘rildi, – deydi Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari San’atbek Salayev. – Xususan, Xorazm viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Milliy gvardiya va ichki ishlarning jami 60 nafardan ziyod xodimlaridan iborat jamoalar tuzildi. Binolarga kirishda xavfsizlikning barcha talablari hamda zarur texnika, vositalar qamrab olindi. Bundan tashqari, har bir bino uchun o‘t o‘chiruvchi va qutqaruv maxsus guruhlari, texnikalarning joriy etilishi ham muhim ahamiyat kasb etdi. Tez tibbiy yordam mashinasining doimiy navbatchiligi tashkil etildi. Abituriyentlarning transportdagi imkoniyatlari ham ta’minlandi. Viloyatning 13 ta hududidan test sinovlariga kelayotgan abituriyentlar uchun avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
Darhaqiqat, test sinovlariga tayyorgarlik ko‘rish — bu keng ko‘lamli ish. Test sinovlari jarayoni har qanday noqonuniy holatlardan xoli bo‘lishi lozim.
– Test sinovlari jarayonidagi eng katta talablardan biri — adolat va shaffoflikdir, – deydi Bilim va malakalarni baholash agentligi Xorazm viloyati bo‘limi boshlig‘i Baxtiyor Yoqubov. – O‘tgan yillar mobaynida test sinovlarining shaffof o‘tgani, natijalarning adolatli bo‘lgani, javoblar chuqur tekshiruvdan o‘tkazilgani yoshlarning bu jarayonga bo‘lgan ishonchini yanada oshirdi. Jami 180 nafar tajribali pedagoglar, shuningdek, surdo tarjimonlar ishtirokida abituriyentlarga yangiliklar va talablar to‘g‘risida tushuntirishlar olib borildi. Shaffoflik va qoidalarning qat’iy bajarilishini ta’minlash maqsadida 112 ta videokuzatuv kameralari o‘rnatildi. Jarayonlar www.test2025.uz sayti orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatildi.
Test sinovlariga kelgan abituriyentlar va ularning hamrohlariga yordamlashish uchun viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari tomonidan “Abituriyentga ko‘makchi xizmati” tashkil etildi. Shuningdek, ota-onalar uchun “Ota-onalar kutish joyi” tashkil etildi.
– Qizim Gulshodani test sinovlarida ishtirok qildirish uchun shahrimizdagi “Yoshlik” sport majmuasiga keldik, – deydi urganchlik Dilrabo Avezova. – Binoga kiritmasa ham unga yondosh o‘quv muassasasida biz ota-onalar uchun juda yaxshi sharoitlar yaratildi. Katta monitor orqali qizimning test jarayonlaridagi ishtirokini to‘g‘ridan – to‘g‘ri kuzatib o‘tirdim. Kutish joyida salqin ichimliklar, suv va yengil yeguliklar sotuvi yo‘lga qo‘yilgan. Yoz kunlari ko‘cha harorati anchayin yuqori bo‘lsada ichkarida salqin, mo‘’tadil muhit yaratildi. Tashkilotchilardan minnatdorman.
Xorazm viloyatida test sinovlarida ishtirok etish uchun 48 ming 514 nafar abituriyent ariza topshirgan bo‘lsa, sinovlar yakuniga qadar ularning 45 ming 22 nafari ya’ni 92,8 foizi test topshirdi.
– Qayd etish lozimki, viloyatda o‘tkazilgan test sinovlari bu yil har qachongidan ko‘ra sifatli va yuksak darajada tashkil etildi, – deydi Bilim va malakalarni baholash agentligi Xorazm viloyati bo‘limi boshlig‘i Baxtiyor Yoqubov. – Jiddiy tarzdagi ko‘ngilsiz holatlar bo‘lmadi. Test sinovi davomida 1 nafar abituriyent tartib-qoidani buzganligi (telefon olib kirganligi) sababli testdan chetlashtirildi. O‘tgan yili qoida buzganlar soni 6 nafar edi.
–Test sinovlarini topshirish har bir abituriyent uchun shaxsiy, har bir to‘g‘ri javob va xatolarni to‘g‘ri tushunishi lozim bo‘ladigan katta sinov. Bu sinov har bir abituriyentga o‘z bilimini, qobiliyatini isbotlashi uchun imkoniyat beradi, – deydi Urganch davlat pedagogika instituti rektori Feruza Madrahimova. – O‘zbekistonda har yili oliy ta’limga qabul qilish jarayonida ko‘plab abituriyentlar bir-biridan yuqori reytinglarni olmoqchi bo‘lib, kutish, qo‘rquv va umidni bir paytda his etishadi. Abituriyentlar nafaqat yangi bilimli, balki kuchli ruhiy va jismonan ham tayyor bo‘lishi lozim. Bu jarayonda o‘zini o‘zi boshqarish, sabr-toqat, tashabbus va mahoratlarni yanada rivojlantirish darkor.
Talaba bo‘lishning birinchi qadami test sinovlaridan o‘tish, ammo undan keyingi bosqich ham muhimdir. Natijalar e’lon qilingach, qaysidir oliy ta’lim muassasasiga yetarlicha ball to‘plagan yoshlar yuksak maqsadlarga erishish uchun yo‘nalishni aniq belgilashi va harakat qilishi kerak. Yetarlicha ball to‘play olmaganlari esa keyingi yilga tayyorgarlikni davom ettiradi. Muhimi ularning barchasi izlanishda, maqsadi sari intilishda bo‘lishi lozim.
– Test sinovlaridan o‘tib, talaba bo‘lish baxti men uchun bu bir vaqtning o‘zida mehnatim va muvaffaqiyatim, intilishlarim hamda orzularimga yetishishning ramzi hisoblanadi, – deydi bog‘otlik abituriyent Mahliyo Ochilova – Talaba hayoti esa bilim olish bilan birga, hayot tajribasi, shaxs sifatida shakllanish va istiqboldagi kasbga bo‘lgan ishtiyoqni ro‘yobga chiqarish yo‘lidir. Shu sababdan e’lon qilinajak test natijalari mening kelajagimni ham belgilaydi.
Xulosa, oliy ta’lim uchun test sinovlari yoshlarga o‘z bilimlarini namoyon etish, hayotdagi katta maqsadlarga qadam qo‘yish imkoniyatini beradi. Shu bilan birga, har bir o‘g‘il - qiz bu jarayondan keyin o‘z orzularini amalga oshirishga yanada yaqinlashadi. Test sinovlaridan o‘tgan har bir abituriyent, talaba bo‘lish orqali kelajagi uchun yangi safarga chiqadi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (Surat),
O‘zA muxbirlari