Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar ishtirokida imtiyozli tavsiyanoma olish uchun test sinovlari bo‘lib o‘tdi.
Mazkur sinovlar harbiy xizmatchilarning o‘quv yili davomida egallagan bilim va ko‘nikmalarini aniqlash, ularning intellektual salohiyati hamda xizmat davomida erishgan yutuqlarini baholashga qaratildi. Test jarayonlari belgilangan tartib va shaffoflik tamoyillari asosida tashkil etildi. Unda xizmat davomida namunali intizomi, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik mashg‘ulotlarida faol ishtirok etib, bilimlarini mustahkamlagan barcha askarlar ishtirok etishdi.
Savollar xizmat faoliyatidagi jangovar va ma’naviy-ma’rifiy, texnik tayyorgarlik hamda umumta’lim fanlari, mantiqiy fikrlash, harbiy bilim asoslari hamda zamonaviy dunyoqarashni shakllantirishga qaratilgan yo‘nalishlarni o‘z ichiga oldi.
Sinov natijalari askarlarning o‘quv yili davomida olgan bilimlari o‘z so‘zini aytayotganini yana bir bor tasdiqladi. Ko‘plab ishtirokchilar test topshiriqlarini muvaffaqiyatli bajarib, yuqori natijalarga erishdi. Bu esa harbiy qismlarda tashkil etilgan ingliz tili, ona tili, matematika va boshqa fanlardan tashkil etilgan to‘garaklar, mashg‘ulotlar, nazariy va amaliy darslarning samaradorligi yuqori ekanligidan dalolat beradi.
[gallery-27210]
Ta’kidlash joizki, imtiyozli tavsiyanoma harbiy xizmatni o‘tayotgan yoshlar uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ular kelgusida oliy ta’lim muassasalariga kirishda muayyan imtiyozlarga ega bo‘lishi mumkin. Shuning uchun test sinovlari askarlar orasida katta qiziqish uyg‘otdi va ular egallagan bilim ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazib, o‘zlarining egallagan bilim darajalarini bilib olishdi.
Mas’ullar tomonidan test jarayonlarining adolatli o‘tkazilishi va har bir ishtirokchi bilimining xolis baholanishiga alohida e’tibor qaratildi. Yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan askarlarga belgilangan tartibda imtiyozli tavsiyanomalar berilishi rejalashtirilgan..
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA