Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi “Kelajak” markazi binosida “Kelajak” markazlari huzuridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida maktab maslahatchisi lavozimiga nomzodlar uchun test sinovlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 8 sentyabrdagi “Maktabdan tashqari ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining tegishli buyruqlariga muvofiq amalga oshirildi.
Test sinovlari ochiqlik, shaffoflik va adolat tamoyillari asosida o‘tkazildi. Jarayon davomida ishtirokchilarning xavfsizligi va sinovning qonuniyligi to‘liq ta’minlandi. Shu bilan birga, test natijalari bo‘yicha hech qanday shikoyat yoki e’tirozlar kelib tushmadi, bu esa tadbirning yuqori darajada tashkil etilganidan dalolat beradi.


Ma’lum qilinishicha, tanlov.uzedu.uz platformasi orqali hujjat topshirgan va belgilangan malaka talablariga mos kelgan 374 nafar nomzod test sinovlariga taklif etildi. Shulardan 298 nafari, ya’ni 79,7 foizi, sinovlarda faol ishtirok qildi. Test sinovlarida ishtirok etmagan 76 nafar nomzod sababsiz ravishda kelmagan bo‘lsa, hujjat topshirish jarayonida adashib boshqa hududni tanlagan 7 nafar nomzodning arizalari ham belgilangan tartibda ko‘rib chiqildi.


G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri