Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Test – bilimlar mezoni (+video)
18:40 / 2025-07-14

O‘zbekistonda yoshlarning ilmiy salohiyati ortib borayotir. Bu shubhasiz ularning OTMga jalb etish darajasi bilan bog‘liq. Agar bundan 7 yil avval u 17 foizni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan 2024 yilda 43 foizga yetdi. Bu mamlakatimizda oliy o‘quv yurtlari soni ortgani, nodavlat oliy ta’lim muassasalari tashkil etilgani va yoshlardagi ilmga bo‘lgan intilishning kuchaygani bilan bog‘liq.

Bugun mamlakatimizning barcha mintaqalarida bo‘lgani kabi Farg‘ona viloyatida ham test sinovlari boshlandi.

– Farg‘ona viloyati bo‘yicha hozir jami 66 mingdan ortiq abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, 6 ta hududda 8 ta binoda bir smenada 3510 tadan test sinovlaridan o‘tishmoqda, – deydi Bilim va malakalarni baholash Agentligi Farg‘ona vloyat bo‘limi rahbari Ismoilxon Shokirov. – Farg‘ona viloyati bo‘yicha 14 iyuldan 23 iyulgacha test sinovlari o‘tkaziladi. 

Test imtihonlari o‘tadigan har bir manzilda barcha sharoit va imkoniyat yaratildi. Masalan, Farg‘onada Bilim va malakalarni baholash Agentligining imtihon olish katta zali qurildi. U keng, yorug‘ va yozda salqinlantiruvchi vositalar bilan ta’minlangan.

Darvoqe, bu yil ilk bor abituriyent shaxsini elektron aniqlovchi jihozlardan foydalanildi. Ya’ni u kirish yo‘lagidan o‘tishi uchun yuz tuzilishini raqamli texnologiya aniqlashi lozim. Bu esa ilgari onda-sonda bo‘lsada ro‘y bergan birovning o‘rniga boshqasi imtihon topshirishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaydi.

Test savolnomalari muhrlangan maxsus qoplarda keltirilgan edi. Uni abituriyentlar vakillari ishtirokida ochishdi va so‘ngra belgilangan vaqtda imtihon boshlandi.

Ma’lumki, Farg‘ona viloyatida anklav, ya’ni ichora hududlar bor. Xo‘sh, ular-chi, dersiz.

– So‘x tumani uzoq hudud bo‘lgani sababli uning yoshlari Farg‘ona shahriga kelib-ketishmaydi. So‘xning o‘zida test uchun alohida sharoit yaratildi. Ya’ni, ular yashash hududida test sinovlarini topshiryaptilar, – deydi Agentlik viloyat bo‘limi rahbari.
Imtihon – sinovda adolat, shaffoflikni ta’minlash eng muhim javob. Farg‘ona viloyatidagi barcha test olish manzillarida shunday sharoit yaratildi.

– Bu binoda 40 dan ziyod kamera o‘rnatilgan. Bundan tashqari 4 ta kamera “test2025.uz” sayti orqali onlayn translyatsiya qilinmoqda, – deydi Agentlik mutaxassisi Jamshid Mamashev.

Darvoqe, ota-oanalar uchun yozning jaziramasida soya-salqin joy hozirladilar. Shu yerga katta ekranlar o‘rnatilgan bo‘lib, ular farzandlari qanday qilib test savollariga javob izlayotganlarini kuzatib turishdi.

Aslida, ayrim toifa abituriyentlar maktab dargohidayoq ba’zi fanlardan “imtihon topshirib bo‘ldilar”.

– O‘tgan yildan farqli tomoni maktab, kollej, texnikumda o‘qish davridayoq ayrim abituriyentlarimiz zarur miqdordagi ball to‘plashdi, – deydi Ismoilxon Shokirov. –Fanlardan Milliy sertifikat, chet tilidan xorijiy sertifikat olishgan. Yetarli ball to‘plagan abituriyentlarimiz test sinovlaridan ozod qilinyapti. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/_iRHJP9XX9o" title="Test – bilimlar me’zoni" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA