Multimilliarder Ilon Maskka tegishli "Tesla" kompaniyasi sun’iy intellekt startapi hisoblangan "xAI"ga 2 milliard dollar sarmoya kiritishini e’lon qildi. Shuningdek, joriy yilning o‘zidayoq "Cybercab" robototaksi modeli ishlab chiqarila boshlashi yana bir bor tasdiqlandi. Mazkur qaror "Tesla"ni oddiy elektromobil ishlab chiqaruvchidan sun’iy intellektga asoslangan texnologik kompaniyaga aylantirish strategiyasini kuchaytirdi.
Bozor bu xabarni ijobiy qabul qildi: aksiya narxi savdodan keyin ko‘tarildi, biroq joriy xarajat keskin oshishi ma’lum bo‘lgach, o‘sish sekinlashdi. Kompaniya moliya direktori ma’lumotiga ko‘ra, "Cybercab", gumanoid robotlar, yuk mashinalari va "Roadster" loyihalari sabab yillik sarf 20 milliard dollardan oshadi. Bu o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar ko‘p.
Tahlilchilar fikricha, "Tesla" hozir o‘tish davrini boshdan kechirmoqda: investorlar kelajakdagi daromadni elektromobil savdosi emas, balki avtonom boshqaruv dasturi va robototaksi xizmatidan kutyapti. Mask esa yil oxiriga borib AQSHning juda ko‘p hududida to‘liq avtonom avtomobil paydo bo‘lishini aytmoqda.
Ayni pallada "Tesla" o‘zining tarixiy flagman modellari — "Model S" va "Model X" sotuvi to‘xtatilishini bildirdi. Bo‘shagan ishlab chiqarish quvvati robot tayyorlashga yo‘naltiriladi. Kompaniyaning elektromobil savdosi bosim ostida qolayotgan bo‘lsa-da, energiya saqlash va ishlab chiqarish yo‘nalishi barqaror o‘sish darajasini ko‘rsatmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA