Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha dolzarb masalalar muhokama qilindi
17:45 / 2025-11-21

Joriy yil 20-21 noyabr kunlari Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (SHHT MATT) tashabbusi bilan “Terrorizm, separatizm va ekstremizm tarqalishining oldini olish: asosiy sabablarni bartaraf etish” mavzusidagi o‘n birinchi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Ushbu nufuzli tadbir SHHTga a’zo davlatlar – Belarus Respublikasi, Hindiston Respublikasi, Eron Islom Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi vakolatli idoralari vakillaridan iborat salmoqli tarkibni, shuningdek muloqot bo‘yicha sherik davlatlar – Ozarbayjon Respublikasi, Misr Arab Respublikasi, Qatar, Saudiya Arabistoni Podshohligi delegatlarini bir joyda jamladi.

Anjumanda BMTning Terrorizmga qarshi kurash hamda Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmalari, Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi, shuningdek Interpol, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) va Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnoma tashkiloti (KXSHT) ijroiya tuzilmalari, SHHT va Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHICHK) kotibiyati, Jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevrosiyo guruhi hamda boshqa xalqaro tuzilmalar, ilmiy-tadqiqot institutlari mutaxassislari ham ishtirok etdi.

[gallery-26371]

Forumda mintaqadagi dolzarb xavf-xatarlarning rivojlanish tendensiyasi va o‘zgarishi xususiyati, SHHTning terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi vazifalari, shuningdek ushbu tahdidlarga qarshi milliy va mintaqaviy darajada kurashish mexanizmlari muhokama qilindi. Bunday salbiy holatlarga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik holati tahlil qilinib, ayni yo‘nalishdagi mintaqaviy hamkorlik mexanizmini yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Ekspertlar “uch yovuz kuch” bilan bog‘liq mavjud tahdidlarni bartaraf qilish yo‘llari xususida fikr almashdilar. Bu boradagi samarali xalqaro mexanizmlarni yanada takomillashtirish, mavjud vositalardan unumli foydalanish bo‘yicha global va mintaqaviy sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga doir asosiy vazifalarni belgilab olishdi.

Muhokamalar davomida milliy hukumatlar tomonidan aholining radikallashuviga qarshi ijtimoiy-iqtisodiy choralar ko‘rish, ekstremizm paydo bo‘lishiga qarshi turish, xususan yosh avlod terroristik yoki ekstremistik faoliyatga jalb qilinishiga qarshi kurashish dolzarbligi qayd etildi. Bunday faoliyatni ilmiy-o‘quv va uslubiy jihatdan ta’minlab, umumiy tahdidlarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda javob berish muhimligi ta’kidlandi.

Ma’ruzachilar zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan terrorizm, separatizm va ekstremizm maqsadida foydalanish bilan bog‘liq tahdidlarni tahlil qilish va muhokama qilish zarurligi ta’kidlandi. Sohaga zamonaviy texnologiyalar, jumladan sun’iy intellektni keng joriy etish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi. “Uch yovuz kuch”ga qarshi kurashishda AKT sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni belgilash va zarur tavsiyalar berish taklif etildi. 

Shuningdek, tomonlar jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlik bo‘yicha tajriba almashdilar. Har yili samarali ekspert uchrashuvlarini uyushtirish, terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha ilg‘or tajriba almashish, xavfsizlikka tahdidni baholash, salbiy holatlarga qarshi samarali choralar ko‘rish, xalqaro va mintaqaviy darajada terrorizmga qarshi hamkorlik, ishonch va hamjihatlikni mustahkamlashda SHHT MATT ilmiy-amaliy konferensiyasi dolzarb ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Anjuman ishtirokchilari tadbir yuqori saviyada tashkil etilganini e’tirof etib, SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasiga samarali muloqot uchun yaratilgan sharoit va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdilar.

G‘.Xonnazarov, N.Haydarov (surat), O‘zA