FOTOREPORTAJ
Termizlik kolleksioner Narzulla Jo‘rayev davlatlarning tanga pullarini ham, pochta markalarini to‘plash bilan ham shug‘ullanmaydi. Uning xobbisi – velosipedlarni yig‘ish.
Bog‘ishamol mahallasida istiqomat qiluvchi bu inson dunyoning ko‘plab davlatlarida turli yillarda ishlab chiqarilgan velosipedlarni to‘plab keladi. Velokolleksionerning 20 yillik shaxsiy kolleksiyasida hozirda bundan 82 yil ilgari Angliyada yaratilgan “Maestro” nomli velosiped ham saqlanmoqda. Shuningdek, 1974 yilda AQSHda yig‘ilgan “Stream”, 1981 yil Avstriyada ishlab chiqarilgan “Alpine”, 1986 yil AQSHda tayyorlangan “Maxwyell”, 1988 yilda Italiyada ishlangan “Formula”, 1990 yilda Avstraliyada ishlab chiqarilgan “Active” hamda 1991 yil Germaniyada ishlangan “MC Kenzie” nomli velosipedlar to‘plamdan o‘rin olgan.
Suhbat chog‘ida Narzulla aka velosipedlarning texnik xususiyati va imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berib, ular yordamida viloyatning tog‘li Boysun tumani Darband qishlog‘iga sayohatlar uyushtirganini aytib o‘tdi. Yaqin kelajakda bunday sayohatlar bilan poytaxt Toshkentga, so‘ngra Germaniya poytaxti Berlin shahriga borish istagida ekanligini bildirdi. Velosiped ishqibozlari va mehmonlar kolleksiya tomoshasiga kelishsa, bundan albatta mamnun bo‘lishini alohida qayd etdi.
[gallery-25476]
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA