Majburiy ijro byurosi Termiz shahar bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyati Termiz tumanlararo sudining 2016 yil sentyabrdagi sud buyrug‘iga asosan Yo. Jo‘rayevdan uch nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati muddatidan oldin tugatildi.
Farzandlari oldidagi otaliq burchini bajarmoqchi bo‘lgan Yo.Jo‘rayev MIB Termiz shahar bo‘limiga murojaat etib, aliment to‘lovlarini oldindan to‘lash imkoniyati borligini malum qildi. Uch farzandining voyaga yetgunga qadar bo‘lgan aliment pulini oldindan hisoblab berishni so‘rab, ariza berdi.Uning bu murojaati qanoatlantirilgach, sobiq turmush o‘rtog‘i bilan o‘zaro kelishib, davlat ijrochisi hisoblab bergan pul o‘rniga Termiz shahridagi ko‘p qavatli turar-joy binolarining biridan ikki xonali uyni farzandlariga xatlab beradigan bo‘ldi.
Qiymati 200 million so‘mga baholangan ikki xonali uyning hujjatlari notarial tartibda rasmiylashtirildi va undiruvchining arizasiga asosan ijro hujjati belgilangan tartibda muddatidan oldin tugatildi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA