Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligi oldidan
Insoniyat yaralibdiki, davrlar o‘zgargan, zamonlar evrilgan. Biroq, barcha zamonu davrlarda ham moddiy va ma’naviy ozuqaga birdek ehtiyoj sezilgan. Yosh avlod buyuk allomalarning ma’naviy merosidan ozuqa olib, ulg‘aygan. Ajdodlarimiz yaratgan bunday asarlar hamon yoshlar uchun o‘chmas shamchiroq, hayot yo‘llarida ishonchli mayoq vazifasini o‘tamoqda, qadr-qimmati oshib bormoqda.
Prezidentimizning 2024 yil 15 avgustdagi “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ham o‘tmishda yashab, avlodlari uchun mangulikka yo‘g‘rilgan qadri tengsiz olimu fuzalolarimizni jahonga keng targ‘ib qilish barobarida o‘g‘il-qizlarimizning ma’naviy-ruhiy olamini boyitish, ular qalbida milliy iftixor, Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat va azaliy qadriyatlarga hurmat hissini yanada yuksaltirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Davlatimiz rahbarining bu tashabbuslari faqat buyuk alloma Imom Termiziy hayoti va ijodini, asarlarini o‘rganibgina qolmay, o‘tmishda Surxondaryo vohasida yashab, islom dini rivojiga katta hissa qo‘shgan termiziylarni yanada chuqur tadqiq etishga qulay imkoniyat yaratdi. Biroq, o‘tgan asrda millatimiz mana shunday nodir merosimizdan mosuvo qilindi. Asarlarini o‘qib, o‘rganish ta’qiqlandi. Masalan, o‘tgan asrning 80-yillarida Toshkent shahrida boltiqbo‘yilik va mamlakatimizning iste’dodli o‘g‘il-qizlari anjumani tashkil etilgan edi. O‘sha tadbirda Sherobod tumanida yashaydigan kulol Qudrat Asrorov ham ishtirok etdi. Poytaxtdan qaytib kelgach, uchrashuvdagi taassurotlarini men bilan o‘rtoqlashib, latviyalik tengdoshlari oldida mulzam bo‘lganini aytib bergan edi.

– Tanaffus paytida yonimga bir guruh tengdoshlarim keldi, – dedi o‘shanda Qudrat aka. – Siz qayerdansiz, deb so‘rashdi. Surxondaryoning Sherobodidanman, dedim. Sheroboddan bo‘lsangiz Iso Termiziy haqida nimalarni aytib bera olasiz, deya yana savol berishdi. U kishini tanimayman, deya qat’iy javob berdim. O‘shanda mehmonlardan biri “demak, shunday ulug‘ shaxsni bilmasangiz sherobodlik emassiz, u zot asarlaridan xabaringiz bo‘lmasa, siz Sheroboddanmassiz”, deya ustimdan kulishdi, degan edi. Poytaxtdan qaytishim bilan uyga kelib, otamga bo‘lib o‘tgan voqeani so‘zlab berdim. Iso Termiziy maqbarasi mahallamizdan juda olisda emasligini bildim. Otamdan o‘sha maqbaraga yetaklab borishni so‘radim. Yantoqzor oralab, maqbara yoniga bir amallab kirdik. Yo‘l-yo‘lakay otam Iso Termiziy haqida eshitganlarini gapirib berdi. Nega shu paytgacha bu haqda bizga aytmagansiz, desam “bolam, bexosdan o‘qituvchilaringga otam bizga Iso Termiziyni o‘rgatyapti, desalaring menga achchiq gap tegib qolishidan qo‘rqaman” dedilar.
Zero, qadimdan yurtimizda kitob xalqning madaniy va ma’naviy nodir boyligi sifatida juda qadrlangan. Taraqqiyotga ilmsiz erishib bo‘lmasligini chuqur anglab, tinimsiz o‘qishgan, izlanishgan. Buyuk termiziy алломаларимизнинг ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish ham milliy o‘zligimizni anglashga, sof islom dini va uning g‘oyalari xususida aniq ma’lumotlarga ega bo‘lishga ko‘maklashadi. Yosh avlodni diniy, milliy ma’naviy qadriyatlarimiz bilan tanishtirishga undaydi. Afsuski, o‘tgan asrda biz ana shu imkoniyatlardan uzilib qoldik.
Mamlakatimiz janubida mangu qo‘nim topgan Imom Termiziy, Hakim Termiziy va boshqa termiziylar ham o‘z davrida ibratli hayoti, ijodi, islom ilmlari rivojiga qo‘shgan hissasi bilan bizga benazir ilmiy-ma’naviy meros qoldirgan. Imom Termiziy va Hakim Termiziylarning diniy masalalar, inson ruhiyati, odob-axloq, hikmat kabi mavzulardagi asarlari o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Bugun har xil da’volarni ilgari surayotgan yot kuchlar kirdikorlarini fosh etishda ham ikki alloma asarlarida sof islom ta’limoti, zo‘ravonlik, buzuqlik, xunrezlik singari illatlar qoralanib, ma’naviy barkamollik g‘oyalari tarannum etilgani bilan nodir manba hisoblanadi. Ulardan yosh avlodni xabardor qilish o‘zligimizni anglab, buzilishlarning oldini olishga ijobiy ta’sir o‘tkazadi.

– O‘g‘il-qizlarimizni buzg‘unchi ommaviy madaniyat qurshovidan ishonchli himoya qilishda ajdodlarimizdan qolgan ma’naviy merosga katta ehtiyoj bor, – deydi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Muzaffarxon Joniyev. – Davlatimiz rahbarining “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilab berilgan vazifalar ana shu ehtiyojni to‘ldirishga ham xizmat qiladi. Imom Termiziy va termiziy allomalarning bebaho ilmiy meroslarini yoshlarning yanada mukammal o‘rganishiga yordam beradi. Yubiley oldidan termizlik buyuk ajdodlarimizning hayoti, ilmiy va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan asarlari nashr qilinayotgani bunga yaqqol dalildir. Ular to‘liq chop etilgach, nodir qo‘lyozma va nashr nusxalari hamda kitoblari ko‘rgazmasi tashkil etiladi.
Islomshunos olimlarning ta’kidlashicha, buyuk muhaddis, katta olim, hadis ilmi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ alloma Imom Termiziy ilm va odob-axloq masalalariga bag‘ishlangan hadislari bilan noyob hamda nodir asarlar qoldirgan bo‘lsa, turli diniy firqalar, guruh va oqimlarning o‘z soxta da’volari bilan xalqni to‘g‘ri yo‘ldan og‘dirishga harakatlar avjiga chiqqan bir davrda yashagan Hakim Termiziy merosida mustaqil, ilmiy asoslangan fikrlar ularga munosib raddiya berib, odamlarni zalolatga kirib qolishdan saqlab qolganida keng namoyon bo‘ladi. Xususan, turli toifadagi o‘zini “zuhd peshvolari” qilib ko‘rsatuvchi soxta shayxlarga qaratilgan raddiyalari bugungi kun uchun ham o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmagan. Hozirgi globallashuv sharoitida turli soxta tariqatlar zamonaviy uslub va vositalar yordamida o‘z ta’limotlarini odamlar, ayniqsa, yoshlar ongiga singdirishga harakat qilayotgan davrda buyuk ajdodlarimizning ilmiy asoslangan nodir asarlari bu kabi toifalar uchun munosib javob bo‘lib qolaveradi.
Prezidentimizning 2024 yil 15 avgustdagi “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida poytaxtimiz va Termiz shahridagi nashriyotlarda termiziy allomalarning ko‘plab ana shunday noyob asarlari chop etilmoqda. Masalan, Termiz shahridagi “Kitobnashr” nashriyoti “Sunani termiziy sharhi” kitobining to‘rt jildini chop etdi. Abu Ja’far Termiziyning “Tafsir” kitobi nashr qilindi. Yosh avlodga Xolid ibn Ziyod Termiziy, Munjik Termiziy, Sayyid Ali Termiziy, Muhammad ibn Xomid Termiziy, Muhammad Solih Kashfiy Termiziy kabi allomalarning nodir asarlarini tuhfa etdi. Hakim Termiziyning “Qur’onning serma’no so‘zlarini anglash”, “Namoz va uning maqsadlari” kitoblarini chop etmoqda.
– Ulug‘ yurtdoshlarimizdan meros qolgan bu asarlarning har biri xalqimizning nodir durdonasidir, – deydi Termiz shahridagi “Kitobnashr” nashriyoti rahbari Iqroriddin Aynitdinov. – Bu merosni chuqur o‘rganish va ulardan farzandlarimizni xabardor qilish har bir kishining muqaddas burchiga aylanishi zarur. Ayniqsa, fikrlar xilma-xilligi avj olayotgan bizning davrimizda bu muhim vazifalarimizdan biri bo‘lmog‘i lozim. Zotan, Imom Termiziy rahmatullohi alayh rivoyat qilganlaridek, “Kishining o‘z farzandini chiroyli odob-axloq bilan tarbiyalashi ko‘p miqdordagi nafl sadaqa berishidan yaxshiroqdir”. Nashriyotimiz chop etayotgan kitoblar ham ana shunday ezgu amallarga xizmat qiladi, degan umiddamiz. Allomalarimiz asarlari xalqimiz uchun jaholatga qarshi ma’naviy najot qo‘rg‘oni bo‘lib qolaveradi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri