Termizda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida “Zukko kitobxon” tanlovining Surxondaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, ular bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida Prezidentimizning 2022 yilning 19 yanvarida qabul qilingan “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida yoshlar o‘rtasida ma’naviyat va kitobxonlikni keng targ‘ib qilish borasida “Zukko kitobxon” tanlovini o‘tkazish ham belgilangan.
[gallery-12205]
Azal-azaldan xalqimiz kitobni qadrlagan, uni avaylab asragan. Kitob javonlari esa uyning to‘ridan joy olgan. Bugungi kunda ham aholi, ayniqsa, yoshlarda kitobga qiziqish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish tobora muhim ahamiyat kasb etib bormoqda.
Tanlovda viloyatning barcha tuman va shaharlar bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar o‘zaro bellashdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘ringa Jarqo‘rg‘on tumani jamoasi loyiq ko‘rildi. Keyingi o‘rinlarni Qumqo‘rg‘on shahri va Sariosiyo tumani jamoalari qo‘lga kiritdi. G‘olib va sovrindor jamoalar, shuningdek, musobaqada faol ishtirok etgan ishtirokchilarga pul mukofotlari topshirildi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA